19:35 / 10.11.2020
5398
Prezident ShHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasini yangi vazifalarni hal qilishga moslashtirish zarurati haqida gapirdi

O‘zbekiston prezidenti ShHT davlatlari rahbarlari kengashi sammitida yangi shakllar kasb etayotgan terrorizm, ekstremizm va narkobiznes tahdidlariga qarshi kurash masalalari tashkiloti e'tibori markazida bo‘lishi lozimligini ta'kidladi.

ShHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasini tashkilot makonida xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha prinsipial jihatdan yangi vazifalarni hal qilishga moslashtirish hamda vakolatli idoralar orasidagi muloqotlarni yanada ko‘paytirish zarurligi qayd etib o‘tildi.

«Bugungi sharoitda terrorizm, ekstremizm va narkobiznes tahdidlari nafaqat susaymayapti, balki kuchayib, yangi shakllar kasb etmoqda.

Yoshlarni yollash va radikallashtirish, terrorchilarni moliyalashtirishda axborot texnologiyalari, ijtimoiy tarmoqlarning roli ortib bormoqda.

Shu ma'noda, ShHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasini Tashkilot makonida xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha prinsipial jihatdan yangi vazifalarni hal qilishga moslashtirish zarurati ortib bormoqda.

Shu munosabat bilan vakolatli idoralarning amaliy muloqotlarini bir necha barobar ko‘paytirish, hamkorlikning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish zarur, deb hisoblaymiz.

Joriy vaziyatni muntazam muhokama qilish, shu jumladan, axborot makonidagi xatar va tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi qo‘shma chora-tadbirlarni kelishish muhim.

Pirovardida, ShHT mintaqasida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga umumiy hissamiz shunga bog‘liqdir.

Bayon etilgan barcha yo‘nalishlarda kuzatuvchi mamlakatlar, muloqot bo‘yicha sheriklar va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni faollashtirishni taklif etamiz», degan O‘zbekiston prezidenti.

Top