16:55 / 12.11.2020
5439
Rossiya nemis va fransuz amaldorlariga qarshi sanksiyalar kiritdi
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi binosi Valeriy Sharifulin/TASS

Rossiya Aleksey Navalniyning zaharlanishi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan Germaniya va Fransiya boshqaruv administratsiyasi vakillariga nisbatan sanksiyalar joriy qiladi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari uchun xalqaro vaziyatning muhim masalalari yuzasidan tashkil qilingan intervyuda ma'lum qilgan.

«Javob sanksiyalari, albatta, bo‘ladi. Navalniy borasida Yevropa ittifoqi tomonidan kiritilgan sanksiyalarning tashabbuskori Germaniya edi va bu sanksiyalar to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiya prezidenti administratsiyaning boshqaruv xodimlariga daxldor bo‘lgan. Bizning javob sanksiyalarimiz ham xuddi shu darajada bo‘ladi», – degan Lavrov.

«Ular (sanksiyalar) qabul qilib bo‘lingan. Biz yaqin kunlarda bu haqda nemis va fransuz hamkasblarimizga xabar beramiz. Bu sanksiyalar Germaniya va Fransiya rahbarlari administratsiyasining boshqaruv xodimlariga qarshi bo‘ladi», – deya aniqlik kiritgan Rossiya Tashqi ishlar vaziri.

Sergey Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Navalniyni Germaniya hududida yoki uni Berlindagi «Sharite» klinikasiga olib borgan samolyotda zaharlangan bo‘lishi mumkinligini istisno qilmaydi.

Oktyabr oyida Yevropa ittifoqi Aleksey Navalniyning zaharlanishi ortidan rossiyalik olti nafar mansabdorga, shuningdek, Rossiya davlat kimyo va texnologiya ilmiy-tekshirish institutiga nisbatan sanksiyalar joriy qilgan edi.

Rossiyalik muxolifatchi, Korrupsiyaga qarshi kurash fond rahbari Aleksey Navalniy 20 avgust kuni Tomskdan Moskvaga qaytayotganda o‘zini yomon his qilgan va samolyot Omsk shahriga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘lgandi. Zaharlanish tashxisi bilan kasalxonaga tushgan Navalniy 22 avgust kuni Germaniyadagi «Sharite» klinikasiga olib ketilgach, 7 sentyabrgacha koma holatida bo‘ldi. Keyinchalik oyoqqa turgan Navalniy o‘zining zaharlanishi shaxsan Vladimir Putinning topshirig‘i bilan amalga oshirilganini aytgan.

Top