Jahon | 10:33 / 20.08.2020
28481
3 daqiqa o‘qiladi

Aleksey Navalniy zaharlanish tashxisi bilan reanimatsiyaga tushdi

Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy zaharlanish tashxisi bilan Omsk shahrida reanimatsiyaga yotqizildi. Uning matbuot-kotibi Kira Yarmishning xabar qilishicha, samolyotda Tomskdan Moskvaga qaytayotgan siyosatchi o‘zini yomon his qila boshlagan. Natijada samolyot Omsk shahriga favqulodda qo‘ngan.

Foto: Reuters

«Bugun ertalab Aleksey Navalniy Tomskdan Moskvaga samolyotda qaytayotgan edi. Uchish chog‘ida u o‘zini yomon his qila boshladi. Samolyot Omsk shahriga favqulodda qo‘ndi.

Ertalab u faqat choy ichdi. Unga biror narsa qo‘shib, Alekseyni zaharlashgan bo‘lishi mumkin. Biz shundan gumonlanyapmiz. Hozir u hushini yo‘qotgan, reanimatsiyada», - deb Yarmishning so‘zlarini keltirmoqda «Exo Moskvy».

Aleksey Navalniy Sibirga «Yedinaya Rossiya» deputatlari faoliyati bo‘yicha surishtiruv o‘tkazish maqsadida borgan bo‘lishi mumkin, deb yozdi «Tayga.info».

Keyinchalik Omsk nashrlaridan biri muxolifatchining ahvoli biroz yaxshilanganini ma'lum qildi.

«Navalniy o‘ziga keldi, ammo gapirishga qiynalyapti va zo‘rg‘a harakatlanyapti», - deb xabar berdi «NGS.Omsk».

Biroq Kira Yarmish uning ahvoli hamon og‘irligini ma'lum qildi.

«Aleksey hamon hushsiz yotibdi. Uni o‘pkani sun'iy shamollatish apparatiga ulashdi. Talabimizga ko‘ra, shifoxonaga politsiya chaqirildi», - deb yozdi u tvitterdagi sahifasida.

Yarmish bu qasddan zaharlanish bo‘lishi mumkinligini aytgan. U bir yil muqaddam Moskvada hibsga olinganida ham uni zaharlashmoqchi bo‘lishganini eslatgan.

«Biz Alekseyni choyga aralashtirilgan nimadir bilan zaharlashganini taxmin qilmoqdamiz. U bugun ertalab faqat choy ichgandi. Zahar issiq suyuqlik orqali tez so‘rilgan», deya yozgan u tvitterda.

«Exo Moskvy» bilan suhbatda Yarmish Navalniy ertalab mehmonxonada o‘zini yaxshi his qilgani, aeroportda qora choy ichgani haqida gapirgan.

Shifokorlar hozircha Navalniyning holati bo‘yicha ma'lumot berishmayapti.

O‘tgan yilning aprelida Ufada yozuvchi va jurnalist Dmitriy Bikov zaharlanib, shifoxonaga tushgandi. Keyinroq u komaga tushishi sababi zaharlanish bo‘lganini ma'lum qilgandi.

2015 va 2017 yillarda «Otkrytaya Rossiya» harakati koordinatori Vladimir Kara-Murza zaharlanib shifoxonaga yotqizilgan. Otasi uni zaharlashganini aytgandi.

Mavzuga oid