00:36 / 13.11.2020
28378
Nur-Sulton qorga burkandi, bir kunda 100 dan oshiq YTH sodir bo‘ldi
Foto: Tengrinews.kz

Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahrida kuchli qor yog‘ib, yo‘llar muzlagani sabab yo‘l-transport hodisalari soni keskin ko‘paydi. Bu haqda shahar politsiya departamenti matbuot xizmatiga asoslanib Tengrinews.kz yozmoqda.

Yo‘l patrul politsiyasi avtomashina egalariga yo‘llarda ehtiyotkorlik bilan yurishni so‘rab, murojaat qilgan.

«Kuchli yog‘ingarchilik va sovuq ortidan yo‘llarning muzlashi sabab kommunal xizmat idoralari shahar ko‘chalarini tozalash uchun maksimal miqdordagi ixtisoslashtirilgan turli texnika va uskunalardan foydalanmoqda. Poytaxt aholisidan yo‘llarda e'tiborli bo‘lib, shahar ko‘chalarini tozalayotgan texnikalarini kuzatib borayotgan yo‘l patrul politsiyasining talablariga rioya qilishlarini so‘raymiz. Transport vositalarini yo‘l chetiga qo‘yib ketmang, maxsus texnikalar ishiga imkon boricha xalaqit bermang va ular foydalanadigan qatorni band qilmang.

Haydovchilardan ehtiyotkorlik bilan harakatlanish, tezlikni oshirmaslik, oraliq masofani saqlash va quvib o‘tish qoidalariga qat'iy rioya qilishni so‘raymiz. To‘satdan amalga oshiriladigan quvib o‘tish va keskin to‘xtashdan saqlaning.

Ko‘rish darajasi past bo‘lgan sharoitda piyodalar yaqinlashayotgan transport vositalarini sezmasligi mumkin. Shu sabab haydovchilar piyodalar yo‘lakchasi joylashgan hududlarda tezlikni kamaytirishi kerak», – deyiladi shahar yo‘l patrul politsiyasi murojaatida.

Yo‘l patrul politsisi boshqarmasining ma'lumotiga ko‘ra, kun davomida Nur-Sultonda 100 dan oshiq yo‘l transport hodisasi qayd etilgan. Ma'lum qilinishicha, ularda hech kim jiddiy jarohat olmagan.

Top