20:11 / 15.11.2020
9118
500dan ortiq arzon uy-joylarga fotoelektr tizimini o‘rnatish huquqi tendersiz berib yuborilgani aniqlandi

Aksilkorrupsiya agentligi talabi bilan, «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasining 5ta hududdagi filiallari pudratchilar bilan tender o‘tkazmay tuzgan kelishuvlar bekor qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi oktyabr oyidagi faoliyati yuzasidan hisobot berdi. Unda agentlikka kelib tushgan murojaatlar yechim topganiga oid misollar keltirib o‘tilgan.

Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Toshkent va Namangan viloyatlarida qurilayotgan 528 ta xonadonga quyosh fotoelektr tizimlarini o‘rnatish belgilangan. Agentlikka ana shu jarayonda qonunchilikka rioya etilmagani bo‘yicha murojaat kelib tushgan.

Aniqlanishicha, ko‘p qavatli arzon uy-joylarga fotoelektr tizimini o‘rnatish ishlarini bajarish bo‘yicha pudratchi tashkilotlarni tanlab olish jarayonlari, prezidentning ipotekaga oid 2019 yil 28 noyabrdagi farmoni talablariga amal qilinmasdan tashkil etilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi mas'ul idoralarga taqdimnoma kiritgan.

«Natijada «Qishloq qurilish invest» IK» MChJ Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo va Namangan viloyatlari hududiy filiallari tomonidan quyosh fotoelektr tizimlarini o‘rnatish bo‘yicha tanlov (tender) savdolari o‘tkazmasdan pudratchi tashkilotlar bilan oldin tuzilgan arzon uy-joylar qurilishi shartnomalariga qo‘shimcha kelishuvlar bekor qilinib, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tanlov (tender) savdolari qayta tashkil etildi», – deyiladi xabarda.

Boshqa bir holatda, Buxoro shahrida yashovchi fuqaro agentlikka murojaat qilib, «DEVELOPMENT DREAM HOUSE» MChJ tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilmani bartaraf etish bo‘yicha sud qarori ijro qilinmayotganidan noroziligini bildirgan. Agentlik ushbu MChJning mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 232-moddasi (Sud hujjatini ijro etmaslik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish haqida Bosh prokuraturaga so‘rov yuborgan.

Toshkent viloyatida yashovchi tadbirkor esa 400 mln so‘m pulini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan mansabdor shaxslarga chora ko‘rilmayotgani va jinoyat ishi JPKning 84-moddasi 1-qismi 1-bandga asosan harakatdan tugatilganidan noroziligini bildirgan. Aksilkorrupsiya agentligi mutaxassislari jinoyat ishi hujjatlarini o‘rganib chiqib, tergov bir tomonlama va to‘laqonli o‘tkazilmagan degan xulosaga kelgan va Bosh prokuraturaga jinoyat ishini harakatdan tugatish haqida qarorni bekor qilish haqida taqdimnoma kiritgan.

Avvalroq, Aksilkorrupsiya agentligiga qaysi masalalarda eng ko‘p murojaat tushayotgani ma'lum qilingan edi.

Top