07:56 / 16.11.2020
5544
Suriya tashqi ishlar vaziri vafot etdi 
Foto: TASS

Suriya tashqi ishlar vaziri Valid al-Muallim 79 yoshida vafot etdi. Bu haqda SANA axborot agentligi xabar berdi. 

Al-Muallimning vafoti sababi ma'lum qilinmagan. 

Diplomat Suriya tashqi ishlar vaziri lavozimini 2006 yildan egallab kelgan. U, shuningdek, ekspatriantlar masalalari bo‘yicha vazirlikni boshqargan.

Bungacha siyosatchi Suriyaning AQShdagi elchisi, tashqi ishlar vaziri yordamchisi va o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

Al-Muallim 1941 yilda Damashqda tug‘ilgan, 1960 yilda Qohira universitetiga o‘qishga kirib, uni iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan. 

Al-Muallim joriy yil BMT Bosh assambleyasi 75-sessiyasining umumsiyosiy debatlarida ishtirok etgan. O‘shanda u Suriyada AQSh va Turkiya qurolli kuchlarining qolishini noqonuniy okkupatsiya deb atagan. 

Top