19:11 / 16.11.2020
25962
XTV va Do‘sov ishida vazirlik da'vosi qanoatlantirildi

Sud sobiq deputat Qobil Do‘sovga Xalq ta'limi vazirligi tizimiga nisbatan aytgan gaplari uchun raddiya berish majburiyatini yukladi.

O‘zbekiston Xalq ta'limi vazirligi va sobiq deputat Qobil Do‘sov o‘rtasidagi sud jarayoni nihoyasiga yetdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudi 16 noyabr kuni Xalq ta'limi vazirligining da'vo arizasini qanoatlantirish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqardi.

Qaror mazmuniga ko‘ra, endi Qobil Do‘sov ijtimoiy tarmoqlarda XTVga nisbatan aytgan gaplari uchun raddiya berishi va uzr so‘rashi lozim.

Do‘sov va uning advokatlari qabul qilingan qarordan norozi ekanligi va apellyatsiya shikoyati kiritishlarini ma'lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, Qobil Do‘sov ijtimoiy tarmoqda videochiqish qilib, Xalq ta'limi vazirligi tizimini tanqid qilgan, o‘z so‘zlarida tizim mutasaddilariga nisbatan 10–15 marta «xoin» so‘zini ishlatgan. XTV o‘z navbatida buni tashkilotning ishchanlik obro‘siga putur yetkazish, deb baholab, raddiya berish va uzr so‘rash talabi bilan sudga da'vo arizasi kiritgandi.

Top