18:46 / 17.11.2020
2553
Toshkent shahri hokimligining obligatsiya chiqarishga huquqiy asosi bor – Kapital bozorni rivojlantirish agentligi

Kapital bozorini rivojlantirish agentligi rahbarlari ishtirokida obligatsiyalar bozorini tartibga solishni takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

17 noyabr kuni AOKA binosida tashkil etilgan matbuot anjumanida Kapital bozorini rivojlantirish agentligi boshqarma boshlig‘i Sherzod Egamberdiyev Toshkent shahri hokimiga 500 million dollar miqdorida obligatsiyalar chiqarish huquqi bergan farmon yuzasidan mulohazalarini bildirdi.

«Haqiqatan ham davlat rahbarining 2018 yildagi 5515-son farmoni bilan Toshkent shahar hokimiga obligatsiyalar chiqarish huquqi berilgan. Bu kabi huquq boshqa viloyatlarga qaraganda faqat Toshkent shahriga berilgan.

Bu kabi huquq bor, lekin qonunchilikda (nazarda tutilmagan – tahr.) yo‘q, [obligatsiya] chiqarsa bo‘ladimi, degan savol tug‘ilyapti. Bu Toshkent shahri tomonidan pilot sifatida chiqariladigan obligatsiyalar hisoblanadi. O‘ylaymizki, qonunchilikda bunga taqiq yo‘q, chunki bu yerda obligatsiyalar chiqarish huquqi berilmoqda», degan boshqarma boshlig‘i. 

«Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish bo‘yicha huquqiy ekperiment to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasi prezidentning 2018 yildagi 5515-son farmonining 17-bandiga muvofiq, Toshkent shahar hokimiga rentabelli investitsiya loyihalariga aholining bo‘sh mablag‘larini Toshkent shahrining obligatsiyalari yoki yangi tashkil etilayotgan xo‘jalik jamiyatlari aksiyalari shaklida qimmatli qog‘ozlarni chiqarish orqali jalb etishga ruxsat berilgan.

Sherzod Egamberdiyevning aytishicha, davlat rahbari tomonidan imzolangan farmonda Toshkent shahar hokimligi obligatsiyalarining mahalliy yoki xorijiy aholining bo‘sh mablag‘larini jalb etish bo‘yicha aniq ta'rifi berilmagan.

«Amaldagi qonunchiligimizdan kelib chiqib, taqiqlovchi normalar belgilanmagan bo‘lsa, ruxsat berilgan, deb e'tirof qilsak bo‘ladi. Shu nuqtayi nazardan Toshkent shahar obligatsiyalarining chiqarilishi qonunchilikka muvofiq amalga oshirilishini ko‘rsatib o‘tmoqchiman», dedi agentlik boshqarma boshlig‘i.

Matbuot anjumanida agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Tursunboy Mahkamov Toshkent shahar hokimiyati tomonidan chiqariladigan 500 million dollar miqdoridagi obligatsiyalarning qanday loyihalarga investitsiya qilinishi haqidagi savolga javob berdi.

«Hokimiyatga obligatsiya chiqarish huquqi berilgan farmonda Kapital bozorini rivojlantirish agentligi Moliya vazirligi bilan birgalikda Toshkent shahar hokimiga qimmatli qog‘ozlarni chiqarishda ko‘maklashishi haqida yozilgan. Hujjatda yozilganlardan kelib chiqib aytish mumkinki, obligatsiya chiqarishdan kelib tushgan mablag‘lar shahar infratuzilmasi bilan bog‘liq bo‘lgan investitsion, o‘zini o‘zi qoplaydigan loyihalarga yo‘naltirilishi kerak», deya javob berdi Tursunboy Mahkamov.

Avvalroq, prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha nutq qilgan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev yevrobond haqida gapirib o‘tgan.

Top