22:31 / 22.11.2020
3962
Saudiya Arabistoni G20’da raislikni Italiyaga topshirdi 

Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud “Katta yigirmatalik”da (G20) 2021 yilda raislik qilishni Italiyaga topshirdi.

Foto: AP

“Biz Italiyaga kelasi yil o‘zida G20’ni o‘tkazishida muvaffaqiyat tilab qolamiz”, deb aytgan Saudiya Arabistoni podshohi “yigirmatalik”ning 21-22 noyabr kunlari videoanjuman shaklida o‘tgan sammitining yakuniy yig‘ilishida. 

“Saudiya Arabistoni “yigirmatalik”da yechimlarni topish maqsadida muhim rol o‘ynashni davom ettiradi. Biz odamlarga ko‘proq imkoniyat berish va sayyoramizni saqlash uchun Yigirmatalik guruhida ishni davom ettiramiz”, deb qo‘shimcha qilgan podshoh.     

Uning ta'kidlashicha, G20 koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq muammolarni hal qilishda o‘z majburiyatlarini bajardi. “Yigirmatalik”ning joriy yildagi so‘nggi uchrashuvida bosh mavzu koronavirusga qarshi kurash va uning jahon iqtisodiyotiga ta'siri bo‘ldi. Guruhga kiruvchi davlatlar yetakchilari pandemiya keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurash bo‘yicha keyingi qadamlar, eng ko‘p jabr ko‘rgan davlatlarga yordam berish, vaksina ishlab chiqish va kelajakda yangi pandemiyalar yuz berishiga tayyor turishni muhokama qilishgan.    

G20 dunyoning rivojlangan va rivojlanayotgan yirik davlatlarining norasmiy birlashmasi bo‘lib, 1999 yildan beri faoliyat yuritadi. G20’ga 19ta davlat - Avstraliya, Argentina, Braziliya, Britaniya, Germaniya, Hindiston, Indoneziya, Italiya, Kanada, Xitoy, Meksika, Rossiya, Saudiya Arabistoni, AQSh, Turkiya, Fransiya, JAR, Janubiy Koreya, Yaponiya va Yevropa ittifoqi a'zo hisoblanadi. Jahon banki ma'lumotlariga ko‘ra, “yigirmatalik”ka kiruvchi davlatlarda dunyo aholisining 64 foizi yashaydi va ularga jahon yalpi ichki mahsulotining 80 foizi to‘g‘ri keladi. 

Guruhning faoliyati global iqtisodiy barqarorlikka erishish, moliyaviy inqirozlar xavflarini kamaytirish va barqaror o‘sish uchun sharoitlar yaratishga qaratilgan.

Italiya guruhga 2021 yilda raislik qiladi. Raislik qiluvchi davlat “yigirmatalik” faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi.

Top