21:23 / 24.11.2020
57513
Nega to‘lov qilingandan keyin ham avtomatik elektr hisoblagichlar orqali «svet» yonmayapti? «HET» rasmiysi javob berdi

Bugun, 24 noyabr kuni «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida OAV xodimlari ishtirokida elektr energiyasini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ni joriy etish ishlariga oid matbuot anjumani hamda press-tur bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, tadbirda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Jahongir Obidjonov yangi turdagi avtomatik elektr hisoblagichlarning to‘lov tizimi bilan bog‘liq muammolar haqidagi savolga javob berdi.

“Bu tizim hali to‘liq ishga tushmagan, tizim hali joriy qilinish jarayonida. O‘sha hisoblagichlarimiz hozirgi kunda ikkita dasturda ishlamoqda. Birinchisi, hisoblagichlarni ishlab chiqaruvchilarning dasturi bo‘lib, uning o‘zi uchta dasturda ishlaydi. Ya'ni O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan «Elektr hisoblagich» va «Toshelektrapparat» kompaniyalarining dasturlari hamda Janubiy Koreyaning «KT Corporation» kompaniyasi dasturi asosida ishlamoqda. Mana shu dasturlar [qarzdorlarni] o‘chirishni boshlamoqda. Bu dasturlar ancha yillardan buyon ishlatib kelinadi va ishlab chiqaruvchi zavodning dasturi hisoblanadi.

Hisoblagichni o‘chirishga «komanda» berilganidan keyin, barcha qarzdorlar o‘chiriladi. Dastur pul to‘lanishiga qarab avtomatik tarzda ularni yoqish uchun navbatga qo‘yadi. Elektr energiyasi oxirida o‘chirilgan yoki oxirida to‘laganlar oxirida yoqiladi. Natijada, oxirgi to‘lagan iste'molchining hisoblagichi kechroq yoqilgan bo‘lishi mumkin. Bu o‘chirilgan iste'molchilarning soniga bog‘liq. Biz, shuningdek, shanba va yakshanba kunlari hamda tungi vaqtda hisoblagichlarni uzib qo‘ymaymiz”, - deydi Jahongir Obidjonov.

Jahongir Obidjonov

Uning ma'lum qilishicha, «Hududiy elektr tarmoqlari» Korea Telecom bilan hamkorlikda ushbu dasturlar o‘rniga yangi dastur kiritmoqda.

«Bu yangi dastur eng zamonaviy hisoblanadi. Masalan, hisoblagich o‘chirilganidan keyin pul to‘lansa, 1 daqiqadan 15 daqiqagacha vaqtda yonadi. Yana bir bor qaytaraman, bu joriy qilinayotgan loyiha, hali to‘liq ishga tushmadi», – deb ta'kidladi Jahongir Obidjonov.

Top