16:13 / 30.11.2020
11317
Moldovaning saylangan prezidenti Dnestrbo‘yidan Rossiya qo‘shinlari olib chiqib ketilishi shartligini aytdi

Dnestrbo‘yi hududida Rossiya qo‘shinlarining ikkita qismi joylashgan.

Foto: AFP

 Moldovaning saylangan prezidenti Mayya Sandu Dnestrbo‘yidan Rossiya qo‘shinlari olib chiqib ketilishi bo‘yicha muzokara o‘tkazish kerakligini aytdi.

“Dnestrbo‘yi hududida Rossiya qo‘shinlarining ikkita qismi joylashgan. Rossiya qo‘shinlari tezkor guruhi Moldovada hech qanday rasmiy hujjatlarsiz turibdi. Bu qo‘shinlarning joylashishi to‘g‘risida hech qanday kelishuv ham, bu guruhning mamlakat hududida bo‘lib turishi bo‘yicha Moldovaning roziligi ham yo‘q. Bu qo‘shinlar ham, ular qo‘riqlayotgan qurol-yarog‘lar ham olib chiqib ketilishi shart”, – deb ta'kidladi Sandu.

 Uning qayd etishicha, Moldovada Rossiya tinchlikparvar kuchlari ham mavjud.

“Moldovada tinchlikparvar kuchlar 1992 yil 21 iyuldagi kelishuvga muvofiq turibdi. Hozirda qurolli nizo qaytadan avj olishi xatari yo‘q. Biz bu tinchlikparvarlik operatsiyasini YeXHT mandati ostidagi xalqaro fuqaroviy missiyaga aylanishi tarafdorimiz”, – dedi Sandu.

Moldova prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya boshqacha nuqtai nazarda.

“Biz Rossiya boshqacha fikrda ekanligini ko‘rib turibmiz. Muloqot, muzokara o‘tkazamiz, muhokama qilamiz. Biz o‘z hududida xorij qo‘shinlari bo‘lishini istamaydigan mustaqil mamlakatmiz”, – dedi Sandu.

 Moldovaning sobiq bosh vaziri Mayya Sandu prezident saylovida amaldagi prezident Igor Dodonni ortda qoldirib g‘olib bo‘ldi. Dodonning vakolatlari 23 dekabrda tugaydi. Sanduning inauguratsiya marosimi 24 yoki 25 dekabrda bo‘lib o‘tadi.

Top