08:22 / 03.12.2020
3007
Fransiyaning sobiq prezidenti Jiskar d'Esten 95 yoshida vafot etdi

Fransiyaning sobiq prezidenti Valeri Jiskar d'Esten 3 dekabrga o‘tar kechasi 95 yoshida vafot etdi. Bu haqda France-Presse axborot agentligi siyosatchining oilasiga tayanib xabar berdi. 

Sobiq prezident Luar va Sher departamentidagi uyida koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etgan.

“Jiskar d'Esten 2 dekabrda Luar va Sher departamentidagi uyida vafot etdi. Uning o‘limi salomatligi keskin yomonlashgani sababli yuz berdi, u koronavirusdan vafot etdi”, deb ma'lum qilgan marhumning oilasi. 

Ta'kidlanishicha, marhumning istagiga ko‘ra, uning dafn marosimi oila davrasida bo‘lib o‘tadi. 

Ma'lum qilinishicha, Jiskar d'Esten noyabrda yurak yetishmovchiligi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Keyinroq sobiq prezident sog‘ayib ketib, shifoxonadan chiqarilgan.

Marhum siyosatchi Ikkinchi jahon urushi vaqtida Parijni ozod etish uchun janglarda ishtirok etgan. Fransiyani urushdan keyingi yillar boshqargan general Sharl de Goll hukumatida vazir lavozimini egallagan.

Jiskar d'Esten Fransiya prezidenti lavozimini 1974 yil may oyidan 1981 yil may oyigacha egallagan. 1981 yilda ikkinchi muddatga saylovlarda ishtirok etganda Fransua Mitterandan mag‘lubiyatga uchragan.  

Jiskar d'Esten prezidentligi vaqtida saylovda ishtirok etish yoshini 18 yoshga tushirgan, ajrimlar jarayonini soddalashtirgan, nikohsiz tug‘ilgan farzandlar huquqlarini kafolatlagan. U, shuningdek, keyinchalik “Katta yettilik” paydo bo‘lishiga olib kelgan 5ta rivojlangan davlat – AQSh, Yaponiya, Germaniya, Britaniya va Fransiya yetakchilari uchrashuvi tashabbuschisi bo‘lgan.   

Top