11:19 / 04.12.2020
8938
Qo‘qondagi «Shedevr» choyxonasida sodir etilgan jinoyat bo‘yicha sud hukmi o‘qildi
Foto: KUN.UZ

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi Qo‘qon shahridagi “Shedevr” va Dang‘ara tumanidagi “Marokash” nomli choyxonalarda sodir etilgan jinoyatlar va ular bilan bog‘liq boshqa jinoyatlar bo‘yicha ayblov hukmini chiqardi.

Dastlabki tergov organi tomonidan 37 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayb e'lon qilingan jinoyat ishi sud majlisida qonunda belgilangan 4 oy ko‘rildi.

Sudya Rahmatjon Arabovning Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, sudlanuvchilarning bir nafari suddan yashiringani uchun jinoyat ishining unga oid qismi alohida ish yurituviga ajratilib, ehtiyot chorasi qamoqqa almashtirilib, qidiruv e'lon qilingan.

Sud sudlanuvchilarning 1 nafarini bezorilik ruhida uch odamni qasddan o‘ldirishga suiqasd qilish, qonunga xilof ravishda qurol saqlash va bezorilik jinoyatlari sodir etgan deb, avvalgi hukm bilan tayinlangan jazoning o‘talmagan qismini qisman qo‘shib 16 yil muddatga, o‘qotar qurolini qonunga xilof ravishda o‘tkazish jinoyatini sodir etgan 1 nafar shaxsga avvalgi hukm bilan tayinlangan jazoning o‘talmagan qismini qisman qo‘shib 10 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

O‘qotar qurolini qonunga xilof ravishda saqlash jinoyatini sodir etgan 1 nafar shaxsga avvalgi hukm bilan tayinlangan jazoning o‘talmagan qismini qisman qo‘shib 4 yil 4 oy muddatga, muqaddam sudlangan va sud hukmi bilan tayinlangan jazoni o‘tash davrida bezorilik jinoyati sodir etgan 9 nafar shaxsga nisbatan avvalgi hukm bilan tayinlangan jazoning o‘talmagan qismini qisman qo‘shib 5 yil muddatga, bezorilik jinoyati sodir etishda faol ishtirok etgan 4 nafar shaxsga 5 yil, 2 nafariga 4 yil muddatga, boshqalarning undovi bilan bezorilik jinoyati sodir etgan 18 nafar shaxsga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlandi va ularning 2 nafari sud zalidan qamoqqa olindi.

Hukm e'lon qilingandan so‘ng sudya hukm mazmuni, sudda keltirilgan ayrim vajlar bilan qo‘shilmaslik sabablari, jazo tayinlashda e'tiborga olingan holatlar va hukmdan norozi taraflarning shikoyat qilish huquqlarini tushuntirdi.

Top