10:20 / 08.12.2020
14202
Futbol va qon. Yashil maydondagi eng ko‘ngilsiz voqealar
Foto: Getty Images

«Neftchi» – «Turon» o‘yinidan keyingi janjal shunchalik keng muhokama qilindiki, boshqa mamlakatlarda ham o‘sha o‘yindagi futbolchi hakamni tepayotgani tasvirlangan videolar tarqaldi. Futbol tarixida juda ko‘p tartibsizliklar sodir bo‘lgan. Qoni qaynab turgan minglab muxlislarning birvarakayiga to‘polon boshlashi ko‘plab kishilarning o‘limiga sabab bo‘lgan holatlar ham yo‘q emas.

Quyida stadionlarda yuz bergan eng katta tartibsizliklar va baxsiz hodisalar keltirilgan.

• 1902 yil 5 aprel. Glazgo. Shotlandiya

Shotlandiya va Angliya o‘rtasidagi o‘yin har doimgidek prinsipial ahamiyatga ega edi. O‘yin o‘tkazilgan «Aybroks Park» stadioni tribunasi tebranishlarni ko‘tara olmay qulab tushadi. Oqibatda 517 kishi jarohatlanadi va 25 kishi halok bo‘ladi.

• 1946 yil 9 mart. Bolton. Angliya

«Bolton Uonderers» – «Stok Siti» o‘yinida minglab chiptasiz muxlislar to‘siqlarni buzib o‘tishadi va ko‘pchilik oyoq ostida qolib ketadi. 400 dan ortiq kishi jarohat oladi, 33 kishi halok bo‘ladi.

• 1954 yil 4 aprel. Tbilisi. Gruziya

«Dinamo» Tbilisi – «Spartak» Moskva o‘yini. Bu o‘yinda ham chiptasiz olomon o‘zini stadionga uradi va tirbandlik hosil bo‘ladi. 20 kishi oyoq ostida qolib vafot etadi.

• 1955 yil 6 noyabr. Neapol. Italiya.

«Napoli» – «Bolonya» o‘yini. Mezbonlar darvozasiga penalti belgilanganidan keyin ommaviy tartibsizliklar boshlanadi va u hatto otishmalarga ulanib ketadi. Oqibatda 152 kishi yaralandi, ularning 52 nafari politsiyachilar edi.

• 1962 yil 21 sentyabr. Librevil. Gabon

Gabon va Kongo o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvida stadionni ko‘chki bosadi. Shu sabab 9 kishi halok bo‘ladi, 30 kishi yaralanadi.

• 1964 yil 24 may. Lima. Peru

Peru va Argentina olimpiya jamoalari o‘rtasidagi o‘yin chindan futbol tarixida qonli satr bilan bitildi. Tartibsizliklarda 328 kishi halok bo‘ladi, 4000 dan ortiq odam jarohat oladi.

• 1968 yil 23 iyun. Buenos-Ayres. Argentina

«River Pleyt» – «Boka Xuniors» o‘yinidagi muxlislar to‘qnashuvi otishmalarga ulanib ketadi. To‘polonda 74 kishi qurbon bo‘lgan.

• 1969 yilning 15 iyul – 20 iyul oralig‘i

Honduras va Salvador o‘rtasidagi o‘yin Hondurasning mag‘lubiyati bilan tugadi va ikki davlat o‘rtasidagi haqiqiy urushga ulanib ketdi. Oqibatda 5 mingga yaqin odam halok bo‘ladi, 6 mingdan ortiq kishi jarohatlangan.

• 1971 yil 2 yanvar. Glazgo. Shotlandiya

Yana o‘sha «Aybroks» stadioni. «Reyndjers» – «Seltik» o‘yinidagi tartibsizlik 66 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan, yana 140 kishi jarohatlangan.

• 1974 yil 11 fevral. Qohira. Misr

Milliy chempionatdagi o‘yinda tribuna quladi va bu 48 kishining o‘limiga, 47 kishining jarohatlanishiga sabab bo‘ladi.

• 1982 yil 20 oktyabr. Moskva

«Lujniki» stadioni. UYeFA kubogi, «Spartak» – «Xaarlem» o‘yini. So‘nggi daqiqalarda boshlangan to‘polonda rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra 66 kishi halok bo‘lgan. Bu sobiq ittifoq sportidagi eng fojiali holatlardan biri sifatida tarixda qoldi.

• 1985 yil 11 may. Bredford. Angliya

Velli Pereyd stadionida yong‘in chiqib, yog‘och tribunaga o‘t ketdi. Oqibatda 56 kishi nobud bo‘lgan, 265 kishi kuyish jarohati olgan.

• 1985 yil 29 may. Bryussel. Belgiya

«Eyzel» stadioni. «Liverpul» – «Yuventus» o‘yinidagi mushtlashuvda tribuna qulab ketdi va 39 kishi halok bo‘ldi, yana 500 dan ortiq kishi jarohatlandi.

• 1988 yil 12 mart. Katmandu. Nepal

O‘yin paytida stadionda kuchli jala quyadi va tomoshabinlar shoshilib chiqib ketishga urinadi. Ammo 8 darvozadan faqat bittasi ochiq edi. Tiqilinchda 93 kishi vafot etadi.

• 1989 yil 15 aprel. Sheffild. Angliya

«Xillsboro» stadionidagi «Nottingem Forest» – «Liverpul» o‘yiniga o‘rindiqlar soniga nisbatan ko‘proq odam kiritib yuboriladi. Tiqilinchda 96 kishi, jumladan 10 yoshli bola halok bo‘ladi, yuzlab kishilar jarohatlanadi. Bu kun futbol vatani tarixidagi qonli sahifalardan biri sifatida muhrlandi. «Liverpul»ning o‘yinlarida bu voqea tez-tez eslab turiladi.

• 1996 yil 16 oktyabr. Gvatemala

Gvatemala – Kosta-Rika o‘yinidagi tartibsizliklar oqibatida 82 kishi halok bo‘ladi.

• 2001 yil 11 aprel. Yoxannesburg. JAR

Mahalliy chempionat doirasidagi «Kayzer Chifs» – «Orlando Payrets» o‘yinida 41 tomoshabin halok bo‘lgan.

• 2001 yil 9 may. Akkra. Gana

Milliy chempionatning «Xart of Ouk» – «Ashanti Kotoko». Jamoalari o‘yinidagi tartibsizlik oqibatida 123 tomoshabin halok bo‘lgan.

• 2012 yil 1 fevral. Port-Said. Misr

«Al-Masri» va «Al-Ahli» o‘yini so‘ngida ehtirosga to‘lgan tomoshabinlar maydonga yugurib chiqib, mushtlashib ketishdi. Janjal 73 kishining o‘limi va minglab odamning jarohatlanishi bilan tugadi.

Bu raqamlar futbolda tartibni saqlash naqadar ahamiyatli ekanligini yana bir bor isbotlaydi. Chunki bu o‘yinda futbolchilar ham, muxlislar ham tezda jo‘shib ketishlari mumkin.

Top