08:12 / 09.12.2020
5759
Toshkent viloyatida o‘simlik dunyosiga 444 mln so‘mlik zarar yetkazildi
Foto: Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi

Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani «Abay» MFY hududida joylashgan to‘qayzorda kesilgan daraxtlar bo‘yicha murojaat Toshkent viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspektorlari tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, o‘rganish davomida daraxtlar qishloq xo‘jaligi xaritasining 34 konturida joylashgan to‘qayzorda kesilganligi ma'lum bo‘ldi. Umumiy kesilgan daraxtlar soni 52ta, shundan 46 tup tol hamda 6 tup turong‘il tag qismidan kesilgan.

Vazirlar Mahkamasining «Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlarda daraxtlar va butalardan foydalanishni tartibga solish va ulardan foydalanish sohasida ruxsat berish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar 444 mln 773 ming so‘mni tashkil etdi.

Ayni damda mazkur hudud egasi hamda kim tomonidan amalga oshirilganligini aniqlash bo‘yicha surishtiruv ishlari davom etmoqda.

To‘plangan hujjatlar Toshkent tabiatni muhofaza qilish prokuraturasiga o‘rnatilgan tartibda taqdim etish uchun tayyorlanmoqda.

Holat yakunlari bo‘yicha axborot qo‘shimcha ravishda taqdim etilishi aytilgan.

Top