22:43 / 10.12.2020
6500
Tojikiston diniy erkinlik bo‘yicha qora ro‘yxatda qoldirgani uchun AQShga norozilik bildirdi

Tojikiston din ishlari qo‘mitasi AQSh Davlat departamentining mamlakatda diniy erkinliklar buzilayotgani haqidagi bayonoti va mamlakatni «alohida tashvishga sabab bo‘layotgan davlatlar» qatorida qoldirganidan norozi ekanini bildirdi.

Qo‘mita ilgari ham bir necha bor AQSh davlat departamentining bunday ayblovlari asosli emasligini bildirgan edi. Tojikiston din ishlari qo‘mitasiga ko‘ra, AQSh davlat departamentida e'lon qilingan hisobotlardagi ma'lumotlar haqqoniy emas va ular norasmiy manbalarga asoslangan.

«AQSh Davlat departamenti va Xalqaro diniy erkinliklar bo‘yicha qo‘mitaning Tojikistonda diniy e'tiqod erkinligi to‘g‘risidagi hisobotlari ancha yillardan beri bir xil mazmunga ega bo‘lgan holda deyarli o‘zgarmay kelayapti. Shu munosabat bilan din ishlari qo‘mitasi bir necha bor ularga murojaat qilib, Tojikistonga komissiya yuborishni va mamlakatda diniy erkinlikning qay darajada ekanligiga baho berishni so‘rab keladi.

Tojikiston mustaqillik yillarida din sohasida yaratilgan sharoitlar va erkinliklar masalasida ulkan yutuqlarga erishdi. Shularni inobatga oladigan bo‘lsak, bugun mamlakatni diniy erkinlik to‘liq cheklangan davlatlar ro‘yxatiga kiritish nohaqlikdir», deyiladi qo‘mita bayonotida.

Oldinroq AQSh davlat departamenti dunyoning turli davlatlaridagi diniy erkinlik holati bo‘yicha ro‘yxat yangilanganini e'lon qilgandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston ilk marta kuzatuvdagi davlat qatoridan chiqarilib, qolgan davlatlarga o‘rnak sifatida ko‘rsatilgandi.

«Qora ro‘yxat»da Tojikistondan tashqari yana 9 ta davlat joy olgan – Birma, Xitoy, Eritreya, Eron, Nigeriya, Shimoliy Koreya, Pokiston, Saudiya Arabistoni va Turkmaniston. AQSh davlat departamenti bu davlatlarda diniy erkinlikni muntazam va qo‘pol ravishda buzib kelayotganidan xavotirda ekanini bildirgan.

Rossiya, Komor orollari, Kuba va Nikaragua davlatlari AQSh davlat departamenti tomonidan din erkinligi jiddiy ravishda buzgani e'tirof etilgan holda maxsus kuzatuv ro‘yxatiga kiritilgan. Sudan va O‘zbekiston maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxatidan chiqarilgan. Bayonotda aytilishicha, bu ikki davlat tomonidan amalga oshirilgan islohotlar boshqa mamlakatlar uchun namuna bo‘lib xizmat qiladi.

«AQSh dunyo bo‘ylab diniy sabablarga ko‘ra yuz berishi mumkin bo‘lgan ta'qiblarni to‘xtatish uchun harakat qilishda davom etadi», deyiladi bayonotda.

Top