17:06 / 11.12.2020
4107
Kun.uz'dagi tanqiddan so‘ng Shahrisabzdagi ko‘p qavatli uyning tomi ta'mirlandi

2020 yil 5 dekabrda Kun.uz saytida «Shahrisabzdagi ko‘p qavatli uylarga qachon e'tibor beriladi yoxud to‘rt qavatli uyda gazballon yoqish mumkinmi?» sarlavhasi bilan maqola e'lon qilindi. Unda Shahrisabz shahar Bog‘i bahor mahallasi, Fusunkor ko‘chasida joylashgan 67-ko‘p qavatli uyda yashovchi aholi duch kelayotgan muammolar yoritilgan edi.

Shundan so‘ng, Qashqadaryo viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi maqolada ko‘tarilgan muammolarni o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh tuzilganligi haqida xabar bergandi. Bugun mazkur boshqarma axborot xizmati tomonidan ishchi guruh o‘rganishlari natijasi ma'lum qilindi. Unda yozilishicha, Shahrisabzdagi 67-ko‘p qavatli uyning tomi yangilab berilgan. Mazkur uyga tabiiy gaz tortish masalasi mutasaddilar bilan ko‘rib chiqilmoqda.

«Ishchi guruh o‘rganishlarida Shahrisabz shahar Bog‘i bahor mahallasi, Fusunkor ko‘chasida joylashgan 67-ko‘p qavatli uyning kanalizatsiya tizimi mulkdorlar tomonidan uch oy oldin ta'mirlanganligi, bugungi kunda hech qanday nosozliklar mavjud emasligi, yerto‘la qismi toza va quruq ekanligi, ammo tom qismi ta'mirga muhtojligi aniqlandi.

Qashqadaryo viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi tomonidan ta'mirlash uchun 120 dona shifer ajratilib, tom qismi ta'mirlandi. Mazkur ko‘p qavatli uyda yashovchi aholining tabiiy gaz va elektr energiyasi ta'minoti masalasidagi muammolarini hal etish bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar tomonidan ishlar davom ettirilmoqda», — deyiladi, Qashqadaryo viloyat Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi axborot xizmati tarqatgan xabarda.

P.S. Qashqadaryo viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi taqdim etgan ma'lumotlarni tekshirish uchun murojaatchilar bilan bog‘landik. Ularning ma'lum qilishicha haqiqatdan tegishli soha vakillari tomning chakka tomib turgan joylarini ta'mirlab berishgan. Shuningdek, shahar hokimining o‘zi kelib holatni nazoratiga olgan va tegishli mutasaddilarga 67-ko‘p qavatli uyda yashovchilar uchun ko‘mir va gazballonlarni vaqtida yetkazish topshirig‘ini bergan. Bundan tashqari, mazkur uyni 2021 yil dasturiga kiritib, kunlar isishi bilan kapital ta'mirlash, uy atrofini obodonlashtirib, bolalar maydonchasi tashkil etish haqida ko‘rsatma bergan.

Top