14:37 / 12.12.2020
2372
“Ichimlik suvini yetkazishda yo‘qotishlar oshib, tizimda og‘ir iqtisodiy ahvol yuzaga kelgan” – Navoiy suv ta'minoti korxonasi 
Foto: Getty Images

Navoiyda 1 yanvardan ichimlik suvi narxi uch baravar qimmatlashishi haqida xabar berilgandi. “Navoiy suv ta'minoti” MChJ mazkur xabarga rasmiy munosabat bildirdi.

Unda ta'kidlanishicha, Navoiy viloyati aholisining 64 foizi (647 ming nafardan ortig‘i) markazlashgan ichimlik suvi bilan ta'minlangan. Shundan qishloq joylarida yashovchi 354,9 ming nafar aholiga “Navoiy suv ta'minoti” MChJ, Navoiy shahri markazi, Zarafshon, Uchquduq shaharlari hamda Konimex tumanining Zafarobod qo‘rg‘oniga alohida tariflar asosida viloyat “Issiqlik manbai” DUK xizmat ko‘rsatib keladi. 

“Bugungi kunda “Navoiy suv ta'minoti” MChJ balansidagi mavjud 199 ta suv tarqatish inshootining 28 tasi, mavjud 2 784,8 kilometr ichimlik suvi tarmoqlarining 463,4 kilometri ta'mirlashga muhtoj bo‘lib qolgan. Shu bilan birga, suv tarqatish inshootlarining tarmoqlari va uskunalarining muhim qismi 50 yildan ko‘proq vaqt oldin yotqizilgan. Oqibatda aholiga yetkazib berilayotgan ichimlik suvida yo‘qotishlar oshib, tizimda og‘ir iqtisodiy ahvol yuzaga kelgan.

Garchi Investitsiya dasturi asosida joriy yilning o‘zida 42 mlrd so‘mlik 15 ta yangi loyiha amalga oshirilgan bo‘lsa-da, infratuzilma eskirgani sababli ulardan samarali foydalanish imkoniyatlari ham yetarli darajada emas.

Ushbu muammolar tizimda energiya iste'molining yuqori darajada ekani, eskirgan tarmoqlarning o‘z vaqtida modernizatsiya qilinmagani, moddiy rag‘batlantirish darajasi pastligi sabab sohada malakali mutaxassislar va ishchilar yetishmasligi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari izchil joriy qilinmagani, moddiy-texnika bazasi rivojlanmagani tufayli kelib chiqmoqda. 

Yana bir muhim jihat – viloyatda Osiyo taraqqiyot banki kredit mablag‘lari hisobidan jami 25,7 mln dollarlik ichimlik suvi ta'minoti tizimini takomillashtirishga yo‘naltirilgan 2 ta loyiha amalga oshirilgan bo‘lib, ushbu jalb qilingan mablag‘ni qaytarib borish ham yangi tariflarda inobatga olinmoqda.

Ma'lumki, Prezidentning joriy yil 25 sentyabrdagi tegishli farmonida suv ta'minoti va oqova suv xizmatlari uchun tariflarning o‘rnatilgan tartibda shakllantirilishi va belgilanishida iste'molchilar uchun ko‘rsatiladigan xizmatlar tannarxini to‘liq qoplash, ichimlik suvi sohasida modernizatsiya qilish xarajatlarini hisobga olish belgilangan.

Shu asosida “Navoiy suv ta'minoti” MChJ tomonidan ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari bo‘yicha yangi tariflar bo‘yicha asoslantirilgan hisob-kitoblar ishlab chiqilib, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Navoiy viloyat hududiy boshqarmasi va viloyat Moliya boshqarmasining xulosalari olindi. So‘ngra yangi tariflar bo‘yicha takliflar xalq deputatlari viloyat kengashi sessiyasida ko‘rib chiqildi.

Yangi tarifga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan 1 m³ ichimlik suvi aholi uchun 3000 so‘m, budjet tashkilotlari va ulgurji iste'molchilar uchun 7500 so‘m, kanalizatsiya xizmatlari uchun 1 m³ suv narxi aholiga 2 700 so‘m, budjet va ulgurji iste'molchilarga 7 000 so‘m etib belgilandi.

Jamiyat tomonidan taklif etilgan tarif hisobiga viloyatda yaqin yillar ichida 28 ta obekt hamda eskirgan 463,4 km quvurni modernizatsiya qilish, ko‘cha kolonkadan foydalanuvchi 21 ming iste'molchining xonadonigacha suv tarmog‘i o‘tkazib, hisoblagich o‘rnatish, olis hududlarda 25 ming nafarga yaqin aholiga markazlashgan holda ichimlik suvi yetkazib berish, xalqaro moliyaviy institutlar oldidagi qarz majburiyatlarini bajarish, 40 mingdan ziyod iste'molchining suv ta'minotidagi uzilishlarini bartaraf etish, tarmoqlardagi yo‘qotishlarning oldini olish, sohaga malakali mutaxassislarni jalb etish, moddiy-texnika bazani yangilash orqali aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish ko‘zda tutilmoqda.

2021 yilda ajratilishi rejalashtirilgan jami 26,8 mlrd so‘mlik budjet mablag‘lari hisobidan esa Navoiy shahri va “Navoiy” EIZ hududida yangi suv tarmoqlari tortiladi, G‘ozg‘on shahri va Xatirchi tumanida kanalizatsiya xizmatlari tashkil qilinadi.

Navoiyda ichimlik suvi bo‘yicha joriy qilinayotgan yangi tarif boshqa hududlardagi narxdan farq qilishining ham sabablari bor. Ichimlik suvi tariflarini belgilashda hududlarning geografik joylashuvi, suv manbalaridan aholi punktlarigacha bo‘lgan masofalar, ichimlik suvi ishlab chiqarishga sarflangan xarajatlar e'tiborga olinadi.

“Navoiy suv ta'minoti” MChJ iste'molchilarga suv ta'minotining 70 foizdan ortig‘ini  “Damho‘ja suv ta'minoti” MChJning Samarqand viloyatidagi suv inshooti quvurlari orqali yetkazib beradi. Bu elektr energiya sarfi kamida 2 baravar oshishiga olib keladi”, — deyiladi munosabatda.

Top