08:04 / 14.12.2020
4708
Yashnobod tumanidagi maktab-internat tarbiyalanuvchisi bilan bog‘liq holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

2020 yil 12 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Yashnobod tumanida joylashgan 103-sonli yordamchi maktab-internat tarbiyalanuvchisi kaltaklanganligi haqida videoyozuv tarqalgan.

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, 2020 yil 11 dekabr kuni fuqaro K.Z. (ayol) Yashnobod tumani IIO FMBga ariza bilan murojaat qilib, unda aqli zaif, voyaga yetmagan qizi maktab-internatdan tan jarohatlari bilan kelganini ma'lum qilib, aybdor shaxslarga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. 

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining ma'lumotnomasiga ko‘ra, voyaga yetmagan qiz tanasida “O‘ng yelka sohasi va o‘ng ko‘krak sohasi, o‘ng ko‘krak sohasi ostki qismlari yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi hamda ko‘karishi” kabi tan jarohatlari borligi aniqlanib, zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan va tegishli davo choralari tavsiya qilingan. 

Shu bilan birga, voyaga yetmagan qizning tanasidagi jarohatlarning kelib chiqish mexanizmi va og‘irlik darajasini aniqlash maqsadida sudga oid ekspertiza tayinlangan. 

Hozirda mazkur holat yuzasidan Yashnobod tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 109-moddasi (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top