16:30 / 15.12.2020
3877
Artel kompaniyasi Isfandiyor Haydarovning shaxsiy ko‘rgazmasini tashkil etdi

Artel kompaniyasi NNT Xalqaro press-klub bilan hamkorlikda Autograph san'at galereyasida Isfandiyor Haydarovning «Diyorimning ranglar taronasi» nomli shaxsiy ko‘rgazmasini tashkil etdi. Ko‘rgazma 13 dekabrdan 20 dekabrgacha davom etadi. Shuningdek, yurtimiz madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik tariqasida, Artel kompaniyasi taniqli rassomning yashash joyi bilan bog‘liq muammolarni hal qilishda moddiy yordam ko‘rsatdi va ijodini davom ettirishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berdi.

Artel kompaniyasi taniqli san'at arboblarini, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash orqali yurtimiz san'ati rivojiga o‘z hissasini qo‘shishni rejalashtirgan. Isfandiyor Haydarovning shaxsiy ko‘rgazmasi esa bu yo‘lda bosilgan birinchi qadamdir.

Diyorimning ranglar taronasi

Isfandiyor Haydarov ijodiga mansub suratlar o‘zining tabiiyligi, tasvirning jonliligi, haqqoniyligi, yorqinligi bilan lol qoldiradi. Ularga nazar tashlar ekansiz, o‘zingizni xuddi qishki Toshkentni tark etib, viloyatlarimizdagi issiq yoz kunlariga borib qolgandek his etasiz.

Ulug‘ yoshiga qaramay, Isfandiyor Haydarov hali ham ijod qilishni davom ettirmoqda, san'at haqida gapirganda esa ko‘zlarida nur paydo bo‘ladi. Ko‘rgazma davomida taniqli rassom bir nechta savollarga javob berdi.

Sizni rassom bo‘lishga nima ilhomlantirgan?

– Bolaligim Jizzax viloyatida, tog‘lar orasida o‘tgan. O‘sha paytlar tabiatga boqib akvarel bilan rasm chizishni yoqtirardim. Atrofimdagi tabiat go‘zalligi, tog‘lar meni ilhomlantirgan desam bo‘ladi. Rassomlikka moyilligimni birinchilardan bo‘lib Toshkentdan kelgan rasm darsi o‘qituvchisi Sayfiddin Pirimqulov anglagan. Aynan shu kishi rasm chizishni davom ettirishimni maslahat bergan. Qishlog‘imda bunga imkoniyatlar kam bo‘lsa-da, davom ettirdim.

Yaxshi rassom bo‘lish uchun akademik ta'lim olish shartmi?

– Bu savolga aniq to‘g‘ri javob yo‘q. Mening fikrimcha, shart. Oddiy maktabda kerakli bilimlar berilmaydi. Ammo ayrim iqtidorli rassomlarga bu shart emas. Masalan, Van Gog akademik ta'lim olmagan, ammo ta'lim olganida bu qadar buyuk bo‘lmasmidi. Uning buyukligi aynan o‘ziga xosligida. Lekin bu darajada iqtidorli rassomlar juda ham kam.

San'atda asosiysi – g‘oya. Sizning ijodingizda qanday g‘oya yashiringan?

– Yosh bolalarning ko‘zlari qanday nur bilan yonib turishiga hech e'tibor berganmisiz? Ular dunyoga professional rassom ko‘zi bilan qaramaydi, chizish uchun sinchiklab rang tanlamaydi. Ular ehtiros bilan chizadi. Men ham xuddi shu ehtirosni, xuddi shu ekspressiyani aks ettirishga harakat qilganman. Bolalarda soxtalik yo‘q, mening suratlarim ham xuddi shunday samimiy bo‘lishiga harakat qilganman.

Siz uchun muvaffaqiyat nima?

– Tasavvur qiling, rassom boyib ketdi. Unda hamma narsa bor, rassomlik uchun eng yaxshi xislatlar, eng yaxshi bo‘yoqlar, barcha anjomlari yetarli, lekin ilhom yo‘q. Bunday rassomni muvaffaqiyatli desa bo‘ladimi? Men o‘zimda shu ilhomni saqlab qolganimdan, hali ham ijod qilish xohishi borligidan benihoyat xursandman. Bu dunyoga aytadigan hali ko‘p gaplarim bor — shu mening muvaffaqiyatim.

Artel rasmiy sayti: artelgroup.org/catalog-artel

Facebook: fb.com/arteluzb

Reklama huquqi asosida

Top