18:45 / 15.12.2020
3512
«Hech kim e'tibordan chetda qolmaydi». Nozim Husanov - «Sardoba» toshqini hududlaridagi bandlikni ta'minlash loyihalari haqida

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov Kun.uz'ga taqdim etilgan maqolasida «Sardoba» suv ombori toshqinidan talafot ko‘rgan tumanlarning ishsiz fuqarolarini doimiy ish bilan ta'minlash bo‘yicha qilingan ishlar xususida ma'lumot beradi.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Davlatning davlatligi, xalqning xalqligi qiyin paytlarda bilinadi. Afsuski, 2020 yil juda og‘ir keldi. Koronavirus balosi, u keltirgan ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz yetmaganidek, bir hafta ichida Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida tabiiy-texnogen ofatlar ro‘y berdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ikkala joyga ham zudlik bilan yetib borib, vaziyatni o‘z nazoratiga olgan edi. Bu esa jabrdiydalarga kuchli dalda, madad bo‘ldi. Butun xalqimiz birlashdi. Kimdir mablag‘i, kimdir mehnati bilan yordamga keldi.

Hozirga kelib, har bir mavze yonida ish o‘rinlari ham tashkil etildi. Yangi mavzeda ishlab chiqarish loyihalari, mahalla guzari, do‘kon, kutubxona, bolalar maydonchalari barpo etilgan. Uylarga xizmat ko‘rsatuvchi servis kompaniyalarning tashkil etilishi albatta ish o‘rinlari yaratilishi orqali aholi bandligini ta'minlash imkoniyatini berdi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi oldida aholini doimiy ish bilan ta'minlash, ularning tadbirkorlik faoliyatlarini olib borishga ko‘maklashish bo‘yicha belgilab berilgan aniq vazifalar biz uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining tasdiqlangan bayoniga muvofiq, «Sardoba» suv ombori toshqinidan talafot ko‘rgan tumanlarning ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolarini doimiy ish bilan ta'minlash bo‘yicha Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri rahbarligidagi Respublika Ishchi guruhi tomonidan tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Ishchi guruh a'zolarining vazifalari belgilab olindi:

Birinchidan, talofat ko‘rgan tumanlarning doimiy ish bilan band bo‘lmagan aholi sonini aniqlash va ularning har birini ishga joylashtirish bo‘yicha manzilli ro‘yxat shakllantirish;

Ikkinchidan, aholi bandligini ta'minlash uchun xizmat qiladigan loyihalarni amalga oshirish uchun zarur bank kreditlarini ajratishga ko‘maklashish;

Uchinchidan, tadbirkorlik faoliyatlarini olib borishlari uchun yer uchastkasi, bo‘sh bino va inshootlar bilan ta'minlash, muxandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash bo‘yicha mavjud muammolarni doimiy ravishda o‘rganib borish va tezkorlik bilan hal etish choralarini ko‘rish;

To‘rtinchidan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, chorvachilik, baliqchilik, parrandachilik, intensiv bog‘dorchilik va issiqxonalar tashkil etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga alohida e'tibor qaratish;

Beshinchidan, loyiha asosida tashkil qilingan korxonalarda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni realizatsiya qilish, shu jumladan, eksport qilishda ko‘maklashish, yaratilgan ish o‘rinlarining davomiyligini ta'minlash va bandligi ta'minlangan aholining mehnat sharoitlarini muntazam monitoring qilib borish hamda ko‘p kvartirali uylarda istiqomat qiladigan fuqarolar bilan uchrashuvlar tashkil etish vazifalari belgilab olingan.

Ushbu ishlarni tashkil etish maqsadida vazir rahbarligida vazirlik mas'ul xodimlaridan iborat kundalik ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha ishchi guruhi shakllantirildi.

Ishchi guruh tomonidan barpo etilgan ko‘p qavatli va qayta tiklangan uy-joylarda istiqomat qiluvchi doimiy ish bilan band bo‘lmagan jami 1 556 nafar aholi, shundan, Oqoltin tumanida 642 nafar, Sardoba tumanida 501 nafar hamda Mirzaobod tumanida 413 nafar fuqaroning ro‘yxatlari shakllantirildi.

Shakllantirilgan ro‘yxatga muvofiq, band bo‘lmagan aholini doimiy ish bilan ta'minlash maqsadida Respublika Ishchi guruhi tomonidan 2020 yilning 4, 5, 6 noyabr kunlari Mirzaobod, Sardoba va Oqoltin tumanlarida «Ishga joylashtirish va tadbirkorlikka jalb qilish yarmarkasi» yangicha yondoshuv asosida ikki yo‘nalishda tashkil etildi.

Birinchi yo‘nalishda viloyatning barcha tuman (shahar)laridan korxona, tashkilot va muassasalar bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari bilan ishtirok etgan bo‘lsa, ikkinchi yo‘nalishda ishsiz fuqarolarning tadbirkorlik qilish istagini amalga oshirish uchun tijorat banklari tomonidan kredit resurslari hamda ta'minotchi korxonalar tomonidan uskuna va jihozlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Shuningdek, band bo‘lmagan fuqarolarga qulayliklar yaratish maqsadida 11 ta Damas avtomashinalari ajratilib, «Ishga joylashtirish va tadbirkorlikka jalb qilish KO‘ChMA YaRMARKASI» tashkil etildi va ijtimoiy obektlar manzillarida vaqtincha yashash uchun joylashtirilgan xonadonlarga borgan holda manzilli xizmat ko‘rsatilmoqda.

Uch kun davomida o‘tkazilgan tadbirda viloyatning barcha hududlaridan 87 ta korxona va tashkilotlar o‘zlaridagi mavjud 4 491 ta bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari bilan ishtirok etishdi.

Tadbirga 3 496 nafar ish qidiruvchi (shulardan 103 nafari harbiy xizmatdan bo‘shaganlar, 32 nafari jazodan ozod qilinganlar,

136 nafari xorijdan qaytgan va chet elga keta olmagan migrantlar va boshqalar toifadasiga tegishli 3225 nafar), shu jumladan, 1995 nafar yoshlar va 1334 nafar ayollar jalb qilingan bo‘lsa, yarmarka natijasi bilan 564 nafar ish qidiruvchiga (361 nafar yoshlar, 272 nafar ayollar, shundan 19 nafari harbiy xizmatdan bo‘shaganlar, 18 nafari jazodan ozod qilinganlar, 69 nafari xorijdan qaytgan va chet elga keta olmagan migrantlar, 117 nafari «Temir daftar»dan, 75 nafari ayollar va 61 nafar yoshlarga) ishga joylashish uchun yo‘llanmalar berildi.

Shuningdek, «Sardoba» suv ombori toshqinidan talafot ko‘rgan tumanlaridan uch kunlik tadbirga 1 825 nafar ish qidiruvchi (shulardan 34 nafari harbiy xizmatdan bo‘shaganlar, 21 nafari jazodan ozod qilinganlar, 114 nafari chetdan qaytgan va chetga keta olmagan migrantlar va boshqalar toifadagi 1656 nafar), shu jumladan, 1011 nafar yoshlar va 684 nafar ayollar jalb qilingan bo‘lsa, yarmarka natijasi bilan 248 nafar ish qidiruvchiga (166 nafar yoshlar, 126 nafar ayollar, shundan 18 nafari harbiy xizmatdan bo‘shaganlar, 14 nafari jazodan ozod qilinganlar, 51 nafari chet eldan qaytgan va chet elga keta olmagan migrantlar, 49 nafari «Temir daftar»dan, 36 nafari ayollar va 45 nafari yoshlar daftaridan) ishga joylashishlari uchun yo‘llanmalar berildi.

Shu bilan birga, 572 nafari kasb tayyorgarligiga yuborildi, 111 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi, 270 nafari subsidiya olish yuzasidan ro‘yxatga olindi hamda 122 nafari tadbirkorlik qilish uchun kredit olish istagini bildirdi.

Shuningdek, 1 809 nafar ish qidiruvchiga mehnat qonunchiligi, ish joyini o‘zgartirish, bo‘sh ish o‘rinlari va boshqa shu kabi masalalarda tegishli maslahatlar berildi.

Ishchi guruh tomonidan talafot ko‘rgan hududlardagi har bir loyihani amalga oshirish bo‘yicha tuman hokimliklari bilan birgalikda bir haftada 2 marotabadan kreditga bo‘lgan talabi, yer uchastkasi va bo‘sh bino va inshootlar bilan ta'minlash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, boshqa mavjud muammolar doimiy ravishda o‘rganib borilmoqda. Buning natijasida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, chorvachilik, baliqchilik, parrandachilik, intensiv bog‘dorchilik va issiqxonalar yo‘nalishlarida hozirgi kunda 65 ta ish o‘rinlari yaratildi.

Joriy yilning 1 noyabr holatiga Mirzaobod tumanida 3 ta (2 ta meva-sabzavotchilik, 1 ta asalarichilik), Oqoltin tumanida 1 ta (meva-sabzavotchilik) va Sardoba tumanida 4 ta (meva-sabzavotchilik) ishlab chiqarish kooperativlari tashkil etilib, 449 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta'minlanganini alohida ta'kidlab o‘tish joiz.

Shu bilan birga Mirzaobod tumanida 781 nafar, Oqoltin tumanida 151 nafar va Sardoba tumanida 211 nafar fuqaroga yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish, urug‘liklar, ko‘chatlar va sug‘orish vositalari xarid qilish uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 4,4 mlrd so‘m subsidiya mablag‘lari ajratildi.

Shuningdek Respublika ishchi guruhi tomonidan Mirzaobod tumanida 365 nafar, Oqoltin tumanida 217 nafar va Sardoba tumanida 461 nafar ishsiz fuqaro qisqa muddatli o‘quv kurslarda o‘qitildi.

Band bo‘lmagan aholini qisqa muddatli kasb-hunarga o‘qitish uchun Mirzaobod tumanidagi 135 nafar ishsiz fuqaro o‘qitilib («Axmadjon» MChJga 96 nafar, «Mirzaobod limonchilik klasteri» MChJga 39 nafar), Oqoltin tumanidagi 185 nafar («Asadbek Avazbek hamkor» MChJga 63 nafar, «Oqoltin ultra ART texstil» 122 nafar), Sardoba tumanidagi 200 nafar ishsiz fuqaro o‘qitilib, 100 nafari «Sardoba Oqsaroy texstil» korxonasiga ishga joylashtirildi.

Sirdaryo viloyatining Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlarida ishsizlar ayniqsa, ayollar, yoshlar hamda «temir daftar»ga kiritilgan fuqarolar bandligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilib, quyidagi vazifalar belgilab olindi.

Jumladan, 2020–2021 yillarda ushbu hududlarda jami 323 ta loyiha hisobiga 10307 ta yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilgan. Jumladan, Sardoba tumanida 85 ta loyiha asosida 2 675 ta yangi ish o‘rni, Oqoltin tumanida 95 ta loyiha asosida 3 478 ta yangi ish o‘rni va Mirzaobod tumanida 143 ta loyiha asosida 4 154 ta yangi ish o‘rni tashkil etilib, hududlardagi ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolarning bandligi ta'minlanadi.

Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga ish so‘rab murojaat etgan ishsizlarning mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga 1,9 ming nafari doimiy ish joylariga joylashtiriladi.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi kooperativlari tashkil etish bo‘yicha talafot ko‘rgan hududlarda jami 7 ta, shundan tikuvchilik bo‘yicha 2 ta, parrandachilik bo‘yicha 1 ta, meva sabzavotchilik bo‘yicha 2 ta va asalarichilik bo‘yicha 2 ta kooperativ tashkil etilishi belgilangan bo‘lib, natijada 550 nafar ishsiz fuqarolarning bandligi ta'minlanadi.

Amalga oshiriladigan ushbu choralar natijasida 14 506 nafar aholining bandligi ta'minlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri rahbarligidagi Respublika ishchi guruhi o‘z ishini davom ettirmoqda.

Nozim Xusanov,
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri.

Top