20:42 / 15.12.2020
5511
«O‘zbekneftgaz»: Neft-gaz sohasida o‘qiyotgan 12 nafar iqtidorli talaba «Uzbekneftegaz GTL» stipendiyasini qo‘lga kiritdi

12–13 dekabr kunlari «Uzbekneftegaz GTL» kompaniyasining neft-gaz sohasida tahsil olayotgan iqtidorli talabalari uchun 2020–2021 o‘quv yilining stipendiyalar dasturi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida joylashgan Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasida o‘tkazilgan tadbirda oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining o‘rinbosari Yu.Absoatov, OTMlar rektor va professor-o‘qituvchilari, «Uzbekneftegaz GTL» va «Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi» MChJlar rahbariyati qatnashdi.

Bu yilgi dasturda jami 1200dan ziyod talaba ishtirok etdi. Tanlovning uchinchi bosqichidan so‘ng jami 12 nafar iqtidorli talaba saralab olingan edi. Tanlov komissiyasi ishtirokchilar sonining ko‘pligini inobatga olgan holda va iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qo‘shimcha 18 nafar faol talabani ham maxsus sertifikatlar bilan taqdirlashga qaror qildi.

Ularga «GTL» zavodida ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash, «Uzbekneftegaz GTL» kompaniyasida malaka oshirish hamda o‘qishining so‘ngida o‘z mutaxassisligi bo‘yicha «GTL» zavodida ish bilan ta'minlash belgilandi.

Tadbirda stipendiyalar dasturi g‘oliblari va faol ishtirokchilar maxsus diplom va sertifikatlar hamda kompaniyaning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

G‘oliblikni qo‘lga kiritgan 12 nafar stipendiya sohiblariga o‘quv yili davomida «Uzbekneftegaz GTL» kompaniyasi tomonidan qo‘shimcha oylik stipendiya to‘lab boriladi.

Taqdirlash marosimida yillar davomida neft va gaz sohasi uchun minglab malakali kadrlarni tayyorlashga xizmat qilib kelayotgan Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahar filiali, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti va Farg‘ona politexnika institutlariga «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning maxsus tashakkurnomasi topshirildi.

Oliy ta'lim muassalari bilan uch tomonlama o‘zaro hamkorlik memorandumlari imzolandi

Tadbir ishtirokchilari Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi faoliyati bilan ham tanishib, «GTL» zavodining qurilish maydonida ham bo‘lishdi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati

Top