17:02 / 15.12.2020
11368
Sirdaryodagi amalga oshmay qolgan buyurtma qotillik bo‘yicha qo‘shimcha tafsilotlar ma'lum qilindi

Mahalliy televideniyeda Sirdaryo viloyatida biznesdagi raqobatchisini yo‘q qilish uchun qotillik buyurtma qilgan jinoyatchi bo‘yicha lavha namoyish etildi. Unda buyurtmachi tomonidan yollangan shaxsga yo‘llangan audioyozuv ham keltirilgan.

«Konkret yo‘q qilish kerak. Shunday telefon qilish kerak, qayerdasan, kel shu yerga, deyish kerak... Murdani ko‘rish kerak, bo‘ldi. Pulini beraman. Murdani ko‘ramiz, bo‘ldi, chiqib ketamiz.

Yo‘limizdan chiqqan odamni yo‘q qilamiz, boshqa iloji yo‘q. Shunda kattalar ham tan beradi. O‘ldirsangiz ham organ nima qiladi? Huhh deb [yengil] nafas oladi bitta haromi kamaydi, deb. Mana «tanga»si, aka. O‘likni shunday ko‘raman, bo‘ldi, men xursand bo‘laman», deyiladi audioda.

Voqeadan xabardor bo‘lganlardan biri ijtimoiy tarmoqda yozishicha, qotillikni buyurtma qilgan shaxs Sirdaryo viloyatidagi bog‘chalarga oziq-ovqat ta'minoti bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor bo‘lgan. U o‘ldirishni istagan shaxs esa to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchisi bo‘lgani aytilmoqda.

12 dekabr kuni Bosh prokuratura Sirdaryoda amalga oshirilishi rejalashtirilgan buyurtma qotillikning oldi olinganini ma'lum qilgandi.

«1994 yilda tug‘ilgan va muqaddam sudlangan J.Z. muqaddam bosqinchilik ayblovi bilan sudlangan X. ismli shaxsdan (ismi o‘zgartirilgan) 5 ming AQSh dollari evaziga o‘zining biznesdagi raqobatchisi deb bilgan M.D. ismli tadbirkorni o‘ldirishni so‘raydi. J.Z. kelishuv vaqtida X.ga ming AQSh dollari miqdorida avans berishini aytadi. Qotillikni buyurtma qilgan J.Z. har qanaqasiga odam yollab, M.D.ni o‘ldirtirishini aytadi. 5 ming AQSh dollari evaziga odam o‘ldirish taklifini olgan «X» ismli fuqaro bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan», deyilgan ma'lumotda.

X. Guliston shahrida joylashgan qabriston yaqinida tadbirkor M.D.ning qotillik alomatlari bilan yotgan, yuz va bosh qismi grim qilingan jasadi va uni vafot etgani sun'iy ravishda yaratilgan fotosuratini ko‘rsatgach, 10 dekabr kuni DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi, viloyat prokuraturasi va IIB xodimlari hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda buyurtmachi J.Z. Mirzaobod tumani «Bog‘iston» mahallasi hududida unga 4 ming AQSh dollari bergan vaqtida ushlangan.

Holat yuzasidan Sirdaryo viloyati prokuraturasi tomonidan J.Z.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 25 va 97-moddasi 1-qismi (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu jinoyatni sodir etganligi isbotlangan shaxs 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Top