10:14 / 16.12.2020
2796
Abdulla Qodiriy nomidagi bog‘da qurilayotgan mehmonxona qachon ishga tushirilishi ma'lum bo‘ldi

Joriy yilning 15 dekabr kuni hukumat delegatsiyasining Yaponiyaga tashrifi doirasida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqovning “H.I.S. Holdings” kompaniyasi boshqaruvi raisi va prezidenti Xideo Savada bilan muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Muzokaralar chog‘ida kompaniyaning O‘zbekistondagi investitsiyaviy faoliyati muhokama qilindi. Loyihalarni, xususan, Toshkent shahrida Abdulla Qodiriy nomidagi bog‘i hududida mehmonxona majmuasini qurish loyihasini amalga oshirishda sezilarli yutuqlarga erishilgani ta'kidlandi. Mehmonxona 2021 yilda ishga tushirilishi kutilmoqda.

Turistik oqimlarni jalb qilish va turistik obektlardan foydalanish samaradorligini oshirish imkonini beradigan innovatsion texnologiyalar joriy etilgan tegishli infratuzilmani yaratish bo‘yicha kompaniyaning ulkan tajribasini hisobga olgan holda, tomonlar Samarqand va Buxoro shaharlarida mehmonxonalar qurish bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini ham ko‘rib chiqdi.

Kompaniyaning moliya sektorini rivojlantirishdagi ishtiroki, xususan, O‘zbekiston banklaridan birining aksiyalarini sotib olish tashabbusi bilan bog‘liq masalalar ko‘tarildi. Tomonlar loyihani amalga oshirish uchun keyingi harakatlarni belgilab, investitsiya kiritishning turli mexanizmlarini ko‘rib chiqdi.

Top