15:56 / 16.12.2020
6102

«Valutani tartibga solish to‘g‘risida»gi va «Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritilmoqda

2020 yil 16 dekabr kuni Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining videokonferensaloqa tarzida majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Foto: REUTERS

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, tadbirda Senatning o‘ninchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Majlisda "Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim Qonun hujjatlariga qisqartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ayrim Qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish haqida"gi qonun muhokama markazida bo‘ldi.

Hujjat bilan "Valutani tartibga solish to‘g‘risida"gi va "Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida"gi qonunlariga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Xususan, tender o‘tkazish jarayonini tezlashtirish uchun e'lon berish bilan bir vaqtda tender hujjatlarini xam taqdim qilish belgilanmoqda.

Qolaversa, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimi doirasida o‘z ixtiyorlaridagi obektlarni aniqlash, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini, shu jumladan chet el investorlari ishtirokidagi loyihalarini o‘z vaqtida va samarali amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi omillarni aniqlash va mavjud muammolarni aniqlab, ularni hal etish bo‘yicha choralar ko‘rish vakolatlari berilmoqda.

Shuningdek, iqtisodiyot sohasida yana bir o‘zgarishga asosan, emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar chiqarilishini davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun yig‘imlar endi respublika budjetiga emas, balki Kapital bozorni rivojlantirish agentligi huzuridagi Kapital bozorni rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirilishi belgilanmoqda. 

Qonun mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirishga, davlat xaridlari sub'yektlari mas'uliyatini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Top