10:17 / 20.12.2020
14888
Samarqandning eng yirik tumanidagi 11 ta maktab bitiruvchilari ikki yildan buyon OTMga o‘qishga kirolmayapti

Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov yil yakunlari bo‘yicha samarqandliklarga murojaat qilib, ko‘plab ko‘rsatkichlar bo‘yicha natijalarni ma'lum qildi. Turdimov tumanlardagi maktab bitiruvchilarining o‘qishga kirishi bo‘yicha ko‘rsatkichlarga ham alohida to‘xtaldi.

«Biz OTM rektorlari, professor-o‘qituvchilar bilan kelishib, Past Darg‘om va Urgut tumanlari bo‘yicha yangi tajriba joriy qilyapmiz. Ya'ni, Urgut tumanidagi 143 ta va Past Darg‘om tumanidagi 127 ta maktabga 10 ta OTM o‘qituvchilari biriktirildi. Viloyatning bu ikki eng katta tumanlari reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng oxirgi o‘rinlarni egallab turibdi.

Bu borada Urgut tumani 2019-2020 o‘quv yili yakuni bo‘yicha eng oxirgi o‘rinni egallagan. Tumanda 17 ta maktab o‘quvchilari oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirmagan, keyingi 2 yilda esa 11 ta maktabdan biror bitiruvchi OTMga kirmagan», dedi Erkinjon Turdimov.

Viloyat hokimining aytishicha, OTMga kirish ko‘rsatkichi Urgutda atigi 4,7 foiz, Samarqand tumanida 7,5 foiz, Jomboy, Nurobod, Kattaqo‘rg‘on, Payariq va Past Darg‘om tumanlarida 8-9 foizni tashkil etgan.

Top