00:07 / 22.12.2020
2396
Issiqlik ta'minotida bir oy ichida 150dan ortiq avariya ro‘y bergani ma'lum bo‘ldi

15 noyabrdan 14 dekabrga qadar O‘zbekistonda issiqlik ta'minotida 150dan ortiq avariyalar yuz bergan. Issiqlik uzatishni boshlashdan oldin quvurlarni katta bosim ostida tekshirib ko‘rish jarayonlarida ro‘y bergan avariyalar ham shular jumlasidan.

«Agar bu sinov ishlari amalga oshirilmaganda, bugungi kunda avariyalar soni bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin edi», – dedi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi matbuot kotibi Alipasha Ahmedov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

«Quvurlarning eskirganini ham inobatga olish kerak. 1970–1980 yillarda tortilgan quvurlar 40–50 yildan beri yer ostida eskirib, zanglab ketgan. Katta bosim bilan issiqlik berilganda, avariya holatlari yuzaga keladi.

Muhimi – buni bartaraf etish mexanizmi joriy etilgan. Avariya guruhlari tun-u kun – issiqmi-sovuqmi, qormi-yomg‘irmi, avariyalarni bartaraf etish bo‘yicha barcha choralarni ko‘rmoqda», – deya qayd etdi.

Alipasha Ahmedovning so‘zlariga ko‘ra, isitish tizimidagi muammolar ko‘plab holatlarda bevosita iste'molchilar bilan ham bog‘liq.

«Issiqlikni ta'minlovchi tashkilot issiqlikni uygacha yetkazib kelgan bo‘lsa-da, uydagi isitish tarmog‘i nosoz bo‘lsa, uy ichidagi issiqlik tizimi o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirilgan (isitish batareyalari ko‘chirilgan yoki qo‘shimcha ulangan) bo‘lsa, yoki tik quvurlarni o‘zicha almashtirgan bo‘lsa, uydagi sirkulyatsiya buzilish oqibatida yaxshi isimaydi.

Tsirkulyatsiya buzilsa, fuqarolarimiz: «Issiqlik uyimning bir qismida bor, ikkinchisida esa batareya isimayapti», deya murojaat qilishadi.

Bu borada targ‘ibot ishlari olib borilyapti. Issiqlik ta'minoti korxonalari tomonidan isitish batareyalarini yuvib-tozalash, tik quvurlarni almashtirish kabi xizmatlar ham ko‘rsatilyapti», – dedi vazirlik rasmiysi.

Top