Yangi yil ta’tili kunlarida Rossiyaning markaziy qismidagi bir qancha oblastlardan elektr va issiqlik ta’minotida yuzaga kelgan uzilishlar haqida xabarlar kelgandi. Yaroslavsl va Leningrad oblastlarida, Ryazan va Voronejda yashovchilar issiqlik yoki toksiz (ko‘p joylarda elektr — isinish uchun yagona vosita) qolgandi. Ximkidagi ko‘p qavatli uylar ham sovuq edi — guvohlarning xabarlariga ko‘ra, issiqlik faqat dastlabki besh-olti qavatdagi uylarni isitish uchun yetarli bo‘lgan.
Infratuzilma jihatdan nisbatan farovonroq bo‘lgan Moskva ham muammolardan chetda qolmadi — 4 yanvar kuni shahar shimoliy-sharqiy qismidagi 40 ta uy transformator podstansiyasi yonib ketishi tufayli elektrsiz qoldi.
Eng yirik issiqlik uzilishlari Moskva oblastining Podolskdan janubi-g‘arbda joylashgan Klimovsk rayonida kuzatildi. Bu yerda uylarni issiq suv bilan ta’minlaydigan uchta qozonxonadan birida ro‘y bergan avariya tufayli o‘n minglab kishilar yashaydigan qariyb 200 ta ko‘p qavatli uylar muzlay boshladi.
Klimovskda yashovchi boshqalar qatorida pensioner Yelena Pokrovskaya ham 4 yanvar kuni tezda sovib borayotgan kvartirasida uyg‘onadi. Yelenaning oshxona plitasi — elektrdan, gazni yoqib ham isinish imkoni yo‘q edi. Ko‘p o‘tmay elektr ham o‘chadi.
U yashaydigan Vesennaya ko‘chasidagi besh qavatli uyga ham «KSPZ» YoAJ tomonidan xizmat ko‘rsatilgan. Qozonxona Klimovsk ixtisoslashtirilgan patron zavodi hududida joylashgan — bu qat’iy himoyalangan hudud sanaladi. Mahalliy rasmiylarning jamoatchilikka bergan tushuntirishlariga ko‘ra, zavodning alohida statusi tufayli qozonxonani doimiy tekshirib turish imkoni bo‘lmagan.
Yelena va boshqa yuzlab kishilar darhol dispetcherlik xizmatlariga qo‘ng‘iroq qila boshlaydi. U yerda pensionerga shunday javob berishadi: «Muammolar hal etilmoqda». Ammo kamida bir kun davomida hech narsa o‘zgarmaydi. Podolsk shahar okrugi rahbari Grigoriy Artamonovning so‘zlariga ko‘ra, buzilib qolgan qozonxonani ishga tushirish uchun urinishlar kamida 5 yanvar kuni kechgacha davom etgan. Qozonxona faoliyati butunlay tiklangani haqida Artamonov faqat yakshanba kuniga kelib xabar bergan.

Klimovskning bir qancha ko‘chalaridagi uylar tezda -20 darajada sovib ketadi. Podolskdagi oblast shifoxonasi ham issiqlik ta’minotisiz qoladi. Binoni isitish uchun ko‘chma dizel qurilmasi ishga tushirilgunicha korpusni isitish issiqlik pushkalari orqali amalga oshiriladi, bu esa elektr tarmog‘iga yuklamani yanada oshiradi.




















