19:36 / 23.12.2020
11414
Samarqandda tabiiy gazni motor yordamida tortayotganlar aniqlandi

Samarqand viloyatidagi gazlashtirilgan qishloqlarda fuqarolar tabiiy gazni motor yordamida tortayotgani ma'lum bo‘ldi. Bu haqda Samarqand viloyati prokuraturasi axborot xizmati xabar bergan.

Prokuratura xabarida yozilishicha, Toyloq tumani prokurori Asomiddin Sayfiddinov rahbarligidagi tuman mutasaddilari Madaniyat, Vorsin, Charog‘bon va Bog‘izog‘on mahallalarida tekshiruv o‘tkazgan. Reyd davomida ushbu gazlashtirilgan qishloqlardagi 40 nafar xonadonda tabiiy gazni tortuvchi motorlar o‘rnatilgani aniqlangan.

Noqonuniy tarzda tabiiy gazni tortib olayotgan xonadonlardagi «innovatsion motorlar» yechib olinib, hujjatlashtirilgan. Viloyat prokuraturasining ma'lum qilishicha, bunday reydlarni o‘tkazish davom etmoqda.

Ma'lumot uchun, ko‘plab viloyatlarda, xususan, Samarqandda tabiiy gazni sovuq kunlar kelishi bilan turli xil vositalar orqali tortish urfga aylangan. Tabiiy gaz bosimi past bo‘lgani uchun ba'zi fuqarolar shunday yo‘l bilan gaz bosimini ko‘paytirishadi. Oqibatda boshqa iste'molchilarga boradigan tabiiy gaz bosimi yanada pasayadi.

Boshqalarning zarari evaziga «innovatsion usulda» o‘ziga qulaylik tug‘diradiganlar elektr energiyasi iste'molchilari orasida ham uchrab turadi. Elektr quvvati pastligidan qoniqmagan bunday iste'molchilar hisoblagichdan o‘tgan kabelga quvvatni oshirib beradigan turli xil stabilizatorlar o‘rnatishadi. Oqibatda boshqa iste'molchilarga elektr quvvati yanada pasayib yetib boradi.

Top