14:03 / 26.12.2020
9224

«Boxing Day»ga 4 savol. APLning eng qizg‘in pallasi oldidan hafta o‘yinlari anonsi

Bugun Angliya Premer-ligasida «Boxing Day». Nafaqat Premer-Liga, balki Angliyaning barcha professional ligalaridagi jamoalar navbatdagi tur o‘yinlarini o‘tkazishadi. Bu kunda futbol o‘ynash Angliyada odat tusiga kirgan, har yilning so‘nggi haftasiga APL bir emas, bir nechta tur o‘yinlarini sig‘dirib, muxlislarga o‘ziga xos bayram sovg‘a qiladi.

Boxing Day tushunchasi futbol olamida ba'zan biroz noto‘g‘ri tushuniladi. Yilning so‘nggi o‘n kunligida Angliyada bir necha tur o‘tkazilishini e'tiborga olib, ko‘pchilikda, bu termin haqida biroz noto‘g‘ri fikr shakllangan.

Aslida bu terminning ildizi boxing, ya'ni «boks» emas, «The Box» ya'ni «quti» ma'nosini anglatadi. Tarixda Christmas (25 dekabr) bayramining ertasida zodagonlar o‘z xizmatkorlariga dam olish imkonini berishgan va ularga qutida sovg‘a ulashilgan. Bu kunning alohida bayramga aylanishi aynan o‘sha odatga asoslanadi, keyinchalik, bu kunda inglizlar bir-birlariga qutilarda sovg‘a berishga odatlanishdi.

Bir necha sport turlarida, xususan futbolda ham 26 dekabrda o‘yinlarni o‘tkazish urfga kirdi va har yili bu sanada haftaning qaysi kuni bo‘lishidan qat'i nazar tur o‘yinlari o‘tkaziladigan bo‘ldi. Shuning uchun ham ko‘pincha chempionatning 18- 19-turlariga to‘g‘ri keladigan bu kunga alohida e'tibor beriladigan bo‘ldi va alohida hisob-kitoblar yuritilishi muxlislar uchun qiziqdir.

Albatta, birato‘la o‘sha so‘nggi o‘n kunlikni e'tiborga olib, «Boksing dey»ni umumiy qilib, 3-4 tur deb tushunilishi u qadar zarar emas. Filologiyada ham butunni qism bilan ifodalash qoidalari bor, masalan. Tahlilchilar, jurnalistlar ketma-ket o‘tkaziladigan mana shu turlarni umumiy ma'noda shu atama bilan nomlashlarini tushunish uchun ham, bu kunlarning o‘ziga xosligi nuqtayi nazaridan ham u qadar noto‘g‘ri tuyulmaydi.

Afsuski, bu safargi bayramlar biroz farq qiladi, pandemiya bilan bog‘liq cheklovlar, aksariyat o‘yinlarning umuman muxlislarsiz o‘tishi, buning ustiga Britaniyada tarqalgan yangi turdagi virus vahimasi futbolga biroz soya solishi shubhasiz. Ammo aytish kerakki, futbolni televizordan ko‘rishga ko‘nikib bo‘lindi, uydagi sokin muhitda futbol tomosha qilish diqqatni jamlashga va jamoalarning imkoniyati, turnir holatida tahliliyroq nazar tashlash imkonini ham beradi. Shu tomondan pozitiv qarash ham mumkin.

Ayni qizg‘in pallada turnir jadvali ham juda tig‘iz shakllanib qolgan va bir necha jamoa uchun haqiqiy sinov boshlanyapti. Mana shu turlardagi natijalar ularning mavsumdagi asosiy ambitsiyalarini belgilab beradi. «Yunayted» chempionlik uchun kurasha oladimi, Ellardays bu safar eplaydimi, Artetani nimalar kutib turibdi va yana bir qator qiziqarli savollarga javob olish ostonasida turibmiz.

«Liverpul»ning ta'qibchisi kim?

«Lester» o‘tgan turda ham shu maqomdagi uchrashuvda maydonga tushgan va safarda «Tottenhem» ustidan g‘alabaga erishgandi. Rojyers shogirdlari hozircha 27 ochko bilan peshqadamdan 4 ochko ortda qolgan holda 2-o‘rinda borishmoqda. Aslida esa, yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha «Manchester Yunayted» ikkinchi, faqat manchesterliklarning zaxirada «Byornli»ga qarshi o‘yini turibdi. Demak, bugungi o‘yin natijasi APLdagi sof ikkinchi jamoani aniqlab beradi. Ammo jadval shu qadar tig‘iz yuzaga kelganki, masalan, «MYu» bugun g‘alaba qozonsa, hatto yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha turnirda asl peshqadamga aylanib olishi, ammo mag‘lubiyatga uchrasa, 8-o‘ringa tushib ketish ehtimoli ham mavjud.

«Yunayted» qachon-qachon, aynan shu mavsumda chempionlik uchun kurashga majbur. Chunki «Liverpul» bu yil ham chempionlikni saqlab qolsa, umumiy g‘alabalar soni bo‘yicha «Yunayted»ga yetib oladi. «MYu» bunga xalaqit berishdek buyuk vazifani boshqa jamoaga ishonib topshirmasligi shart.

«Lester» va «Yunayted» o‘rtasidagi to‘qnashuvlar doim qiziqarli va shiddatli bo‘lib kelgan bo‘lsa-da, natija e'tibori bilan qarasak, «tulkilar»ning so‘nggi g‘alabalariga ham olti yildan oshdi. Esingizda bo‘lsa, Lui van Gal jamoasi 3:1 hisobida xotirjam oldinda borgan, keyin Vardining goli va 4 assisti yordamida mezbonlar 5:3 hisobida g‘alaba qozongandilar. Shundan buyon kechgan 12 uchrashuvning 9 tasida «qizil iblislar» ustun keldilar, uch o‘yin durang bilan yakunlandi. O‘tgan mavsumning hal qiluvchi o‘yini ham aynan shu stadionda, shu raqiblar ishtirokida kechgan, «Yunayted» 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, YeChL yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi. Umuman safar o‘yinlari va «MYu» alohida mavzu – Sulsher jamoasi qatorasiga 13 uchrashuvdan buyon APL jamoalari (kubok va chempionat doirasida) ustidan faqat g‘alaba qozonib kelmoqda. Bu ham rekord.

Tarkiblarga to‘xtalsak, «Lester» safiga Ndidi qaytgani katta plyus. Rikardo Pereyra hali tiklangani yo‘q, Suyunju mashg‘ulotlarga qaytgan bo‘lsa-da, bugun jamoaga yordam berishi shubha ostida turibdi. «Yunayted»dan esa, faqat Skott Maktomini noma'lum – u «Lids» bilan o‘yinning oxirlarida jarohat tufayli maydonni tark etgandi.

26 dekabr (shanba)

Angliya Premer-ligasi. 15-tur

LeSTeR – MANCheSTeR YuNAYTeD

O‘yin boshlanish vaqti: 17:30
TV-translatsiya: FutbolTV

Artetaning so‘nggi qo‘shig‘i?

Ikki yil oldin Joze Mourino «Liverpul»ga qarshi o‘yinda safarda 1:3 hisobida yutqazgach, iste'foga chiqarilgandi. Bir qarashda, nima bo‘libdi, o‘sha paytning ham eng kuchli jamoasidan safarda yutqazish u qadar katta muvaffaqiyatsizlik emas-ku, to‘g‘rimi? Aslida esa o‘sha o‘yin Mourino uchun iste'fodan qutulish imkoniyati bo‘lgandi xolos, yomon natijalar ilgariroq ro‘y berib bo‘lgandi.

Bugungi Artetaning holati ham shunga o‘xshash. Jamoa APLda 8 o‘yindan beri g‘alaba nimaligini bilmayapti, uch kun oldin «Manchester Siti»ga Liga kubogi ham boy berildi, londonliklar 14-turdan so‘ng atigi 15-o‘rinda borishmoqda. Bugun yana bir sinov – «Chelsi» kutib turibdi. Bu o‘yinda ham mag‘lubiyat qayd etilsa, Artetaning iste'fosi masalasi ham muhokamalarga yanada ochiladi. Imkoniyat deyilganiga yana bir sabab, Artetaning muvaffaqiyatlari, ya'ni uni murabbiy sifatida namoyon qilgan o‘yinlari aynan top klublarga qarshi bo‘lgan. APLdagi so‘nggi g‘alaba ham «Old Trafford»da edi, «Chelsi» esa yozda Angliya kubogi finalida mag‘lub etilgandi. Boshqa tomondan, eslangan o‘yinlarda «Arsenal» bir musht, bir ahil kuch sifatida murabbiy ko‘rsatmalaridan chiqmay harakat qilgan, hozirgi «Arsenal» esa, bunday o‘ynay olishiga ham ishonish qiyindek. Oldingi chiziqdagi beqarorlik, so‘nggi o‘yinlardagi qizil kartochkalar bunga yorqin misol. Ma'lumotlarga qaraganda, jamoa ichida ham bo‘linishlar bor va bir guruh futbolchilar Artetaga ishonchlarini yo‘qotishgan.

«Chelsi»ning ham o‘z muammolari bor. Ikki oy davomida juda yuqori saviyadagi o‘yin va natijalar namoyish etib, chempionlikka da'vogar sifatida e'tirof etib kelingan Lempard shogirdlari kutilmaganda, qatorasiga 2 o‘yinni boy berishdi va 5-o‘ringa tushib ketishdi. «Siti» va «Aston Villa»da zaxira o‘yinlar borligini inobatga olsak, undan ham pastroq bo‘lishi mumkin. Derbidagi mag‘lubiyat «Chelsi»ning ahvolini yanada og‘irlashtiradi, anchagina oson taqvimga ega bo‘lgan «Liverpul» bilan o‘rtadagi farqni kattalashtirib yuboradi. Buning ustiga «Chelsi»ning keyingi o‘yinlari «Aston Villa» va «Manchester Siti»ga qarshi – bugun ochko yo‘qotilmasligi shart.

26 dekabr (shanba)

Angliya Premer-ligasi. 15-tur

ARSeNAL – CheLSI

O‘yin boshlanish vaqti: 22:30
TV-translatsiya: FutbolTV

Mourino poygaga qaytadimi?

Jozening «Tottenhem»i ham xuddi «Chelsi»ning holatiga tushdi, bir muddat turnir jadvalini ham boshqargan jamoa qatorasiga uch o‘yinda ochko yo‘qotdi. «Kristal Pelas» bilan so‘nggi daqiqalarda g‘alabaning qo‘ldan chiqarilishi, «Liverpul» bilan hakam tomonidan qo‘shib berilgan vaqtdagi Firminoning hal qiluvchi goli, «Lester» bilan o‘yindagi kutilmagan mag‘lubiyat. Mourino jamoalaridagi an'anaviy holat, agar natijalar yaxshi bo‘lib tursa, juda ahil, jips bir «banda»ni eslatadi, ammo muvaffaqiyatsizlik girdobi boshlanishi bilan muhitda ham muammolar boshlanadi. Mana shu nozik chegarada raqib ham xavfli – «Vulverhempton». «Byornli» va «Aston Villa»dan mag‘lubiyatlar orasida «Chelsi»ni yutib qo‘yaveradigan jamoa. Himoyadagi ishonchli o‘yin, jismoniy tayyorgarlik va raqiblarga o‘ta noqulay tempni taqdim etadigan, qaysidir ma'noda Mourinoning uslubini ham eslatib yuboradigan portugalcha xarakterdagi «Vulverhempton». Tabiiyki, bu safar ham «Tottenhem»ga oson bo‘lmaydi. Agar bir nechta gol bilan masala hal qilinmasa, so‘nggi daqiqalargacha barchasi o‘zgarib ketishi xavfi borligini «Chelsi»dan so‘rab ko‘rish mumkin.

O‘zaro o‘yinlardagi paradoks ham ko‘p narsani aytib turibdi. «Vulverhempton» APLga qaytgan paytdan buyog‘idagi ikki mavsumni olsak, barcha to‘rt o‘yinda mehmonlar g‘alaba qozonishgan. Birinchi davrada «Tottenhem» go‘yoki klass hisobiga mehmonda g‘alaba qozonib qaytishsa, ikkinchi davrada nuqul syurpriz qabul qilavergan. «Vulverhempton» Londonda 3:1 va 3:2 hisobida g‘alabalarga erisha olgan. «Bo‘rilar» g‘alaba qozonib, o‘tgan yildagi kabi yevrokuboklar uchun kurashishadimi yoki kelasi ikki turda ochko yo‘qotib, ortdan quvib kelayotganlarning ta'qibi ostida qolib, jadvalning ikkinchi yarmiga tushib ketadimi, tez kunlarda bilib olamiz. Raqiblar anoyi emas – «Tottenhem»dan uch kun o‘tib «Old Trafford» safari kutib turibdi.

27 dekabr (yakshanba)

Angliya Premer-ligasi. 15-tur

VULVeRHEMPTON – TOTTeNHEM

O‘yin boshlanish vaqti: 00:15
TV-translatsiya: FutbolTV

«Manchester Siti»da yana bir muammo

Aksariyat mutaxassislar Angliyada «Liverpul»ga chempionlik raqobatini ko‘rsata oladigan asosiy nomzod sifatida baribir ham «Manchester Siti»ni ko‘rsatishda davom etishmoqda. Albatta, so‘nggi ikki yilda faqat Gvardiola bu ishni qila oldi, shuningdek, ancha keng tarkibga ega bo‘lgan «Manchester Siti» aynan «boksing dey» o‘yinlarida kerakli ochkolarni olib, vaziyatni o‘nglab olishi kutilayotgandi.

Ammo boshqa muammo chiqdi – jamoaning asosiy o‘yinchilari Gabriel Jyezus va Kayl Uokerda koronavirus aniqlandi. Albatta, bularsiz ham jamoa kerakli natijani qo‘lga kirita oladi, ammo bu holat aynan mana shu tig‘iz paytda ro‘y berayotgani birinchidan, Gvardiolaning rotatsiya imkoniyatlarini cheklaydi, ikkinchidan, jamoa kayfiyatiga ham ta'sir ko‘rsatadi. Uokerku, mayli, himoyada yo‘li topilar, ammo Jyezus hujum chizig‘ida yagona nomzod sifatida qolayotgandi. Aguero safga qaytgan bo‘lsa ham, bu mavsumda biror marotaba ham to‘liq o‘yin o‘tkazgani yo‘q. Bunday formadagi futbolchini bir o‘yinga emas, qatorasiga 3 o‘yinda to‘liq tushirish katta risk, turli eksperimentlar vaqti ham emas.

«Nyukasl» bilan o‘yinda-ku, Pep bir ilojini topar, qulay raqib, APLdagi oxirgi 18 o‘yinning 15tasida «Siti»ning qo‘li baland kelgan, atigi bir bor mag‘lubiyatga uchragan. Ammo keyingi o‘yinlarda «Everton» va «Chelsi»ga safar qilinadi. Shu bir hafta ichida. Agar Liga kubogi yarimfinalidagi Manchester derbisini ham qo‘shsak, «Manchester Siti»ni bu o‘yindan keyingi bir haftada uchta qiyin safar kutib turibdi. Bu haftada agar g‘alabalar bo‘lmasa, Gvardiola chempionatda peshqadamdan ancha ortda qolib ketishi va so‘nggi uch yilda qatorasiga yutib kelayotgan Liga kubogidan chiqib ketish xavfi bor. Aynan shu o‘yinlarda Jyezus va Uoker jamoaga yordam bera olmaydi. Xo‘sh, ispaniyalik murabbiy bunday to‘siqlarni qanday oshib o‘tadi?

26 dekabr (shanba)

Angliya Premer-ligasi. 15-tur

MANCheSTeR SITI - NYuKASL

O‘yin boshlanish vaqti: 00:15
TV-translatsiya: FutbolTV.

APL. 15-tur.
26 dekabr (shanba)
17:30. Lester – MYu
20:00. Fulhem – Lester
20:00. Aston Villa – Kristal Pelas 
22:30. Arsenal – Chelsi 
01:00. Manchester Siti – Nyukasl 
01:00. Sheffild Yunayted – Everton 

27 dekabr (yakshanba)
17:00. Lids – Byornli
19:15. Vest Hem – Brayton
21:30. Liverpul – Vest Bromvich
00:15. Vulverhempton – Tottenhem.

Top