APLda yilning ilk o‘yini «Liverpul»ning yorqin g‘alabasi bilan yakunlandi.
«Liverpul» – «Nyukasl» 4:2 (0:0, 4:2)
Gollar: 1:0 – 49 Saloh, 1:1 – 54 Isak, 2:1 – 74 Jons, 3:1 – 78 Gakpo, 3:2 – 81 Botman, 4:2 – 86, penalti Saloh.
«Liverpul» – Alisson, Aleksander-Arnold, van Deyk, Konate, Gomes, Endo (Mak Allister, 75), Soboslai (Gravenberh, 64), Jons, Saloh, Dias (Diogu Jota, 64), Nunes (Gakpo, 64).
«Nyukasl» – Dubravka, Livramento, Sher, Botman, Bern (Holl, 82), Bruno Gimaraes, Longstaff, Mayli (Almiron, 54), Joelinton (Lassels, 82), Gordon, Isak.
Ogohlantirishlar: Bruno Gimaraes (28), Dias (45), Mayli (45), Aleksander-Arnold (45), Endo (65), Joelinton (66), Dubravka (84), Longstaff (89).
APLda bu safargi Boxing Day amalda «Arsenal» muxlislaridan boshqa barcha uchun «Sovg‘alar kuni»ga aylandi. Holbuki «kanonirlar» muxlislari «Enfild»da «Liverpul» bilan strategik durangga (1:1) erishganidan keyin Mikel Arteta jamoasi mavsumning asosiy favoriti maqomini tasdiqlaganiga ishonayotgandi.
Ammo londonliklar uchun reallik o‘ta beshafqat bo‘lib chiqdi. «Arsenal» uch kun oralig‘ida qatorasiga ikki derbini boy berdi. Avvaliga — uyda «Vest Hem»ga yutqazildi, bu jamoa «Emireyts»da 2015 yil avgustidan buyon bitta ham ochko olmagandi. Keyin safarda — «Fulhem»ga, bu jamoa «kanonirlar»ni 12 yil mobaynida mag‘lub eta olmagandi. Natijada — birinchi o‘rindan to‘rtinchi o‘ringa qulash va raqobatchilar uchun haqiqiy bayram.
Unai Emeri boshqaruvida barqaror o‘yin namoyish etayotgan «Aston Villa» va odatda mavsum o‘rtalaridan kuchayishni boshlaydigan hamda zaxirasida bitta o‘yini bor bo‘lgan «Manchester Siti» oldinga o‘tib ketdi. Eng ko‘p foyda esa «Liverpul»ga bo‘ldi. Birinchi davra finishidan oldinroq — «Arsenal» hali yutqazmaganida — Yurgen Klopp o‘z jamoasi londonliklardan atigi ochkoga ortda qolib ketishi mumkinligini taxmin qilgandi. Amalda esa mersisaydliklar yangi yilni birinchi o‘rinda qarshi oldi va boshqa raqiblarining natijalaridan qat’i nazar yakkapeshqadamlikni saqlab qoladigan bo‘ldi.
Klopp esa bunga urg‘u qaratmayapti. Yilning birinchi o‘yini arafasida nemis mutaxassisi global masalalarni muhokama qildi. Mavsumning birinchi qismida bajarilgan ishlarni e’tirof etdi, mavsumning ikkinchi qismida qattiq mehnat qilishiga to‘g‘ri kelishini ta’kidladi va albatta «Nyukasl»dagi hamkasbi Eddi Hauni maqtab, o‘yini yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bu jamoani taslim etish qiyinligini qayd etdi.
Lekin bu so‘zlar — ideal holatdagi «qarg‘alar» jamoasiga mos keladi, ularning hozirgi formasiga emas. Jamoa hamon o‘z o‘yiniga ega, ammo jarohatlar haddan tashqari ko‘pligi o‘yin sifatiga ta’sir ko‘rsatmay qolmayapti. Oqibatda — so‘nggi yetti rasmiy o‘yindan oltitasida mag‘lub bo‘lindi, Chempionlar ligasi va liga kubogidan chiqib kelindi, qolaversa jamoa milliy birinchilikda yevrokuboklarga yo‘llanma beruvchi o‘rinlardan ancha ortda qolib, kamtargina to‘qqizinchi o‘rindan joy olgan. Shunday ekan, dushanba oqshomida «Nyukasl» ikkinchi raqam ostida harakatlanishini taxmin qilish qiyin emasdi.













