Muxlislarni bu hafta ko‘plab qiziq uchrashuvlar kutmoqda.

Nihoyat milliy jamoalar bahorgacha tanaffusga chiqishdi va biz qariyb besh oy mobaynida, deyarli tanaffussiz klublar o‘rtasidagi ajoyib bahslar guvohi bo‘lamiz. Boshlanishidan dahshat, birato‘la ikki chempionatda jadvalni boshqarib turgan jamoalar o‘zaro kuch sinashadi. Yana boshqa qiziqarli bahslar shunchalik ko‘pki, bu safar alohida beshtasini ajratib olish ancha qiyinchilik tug‘dirdi. Shubhasiz, quyidagi o‘yinlardan tashqari, «Jirona»ning navbatdagi imtihoni, «Tottenhem» va «Aston Villa» o‘rtasidagi «sun’iy ofsaydlar derbisi» ham katta qiziqish uyg‘otadi.

«MANCheSTeR SITI» – «LIVeRPUL» (25 noyabr, 17:30)

Bemalol aytish mumkinki, so‘nggi yillarda ushbu to‘qnashuv ingliz futboli klassikasi aylanib bormoqda. To‘g‘ri, masalan, «Arsenal» ham o‘tgan mavsumda «shaharliklar»ga munosib raqobat ko‘rsata oldi, ammo o‘zaro o‘yinlarni olganimizda, aynan «Liverpul» «Manchester Siti»ga har tomonlama munosib bo‘la olmoqda. Hatto Pep Gvardiola ham o‘z murabbiylik faoliyatida eng qiyin uchrashuvlar aynan Yurgen Klopp jamoasi bilan kechganini ko‘p bor takrorlaydi.

Bu safar o‘rtaga turnir jadvalidagi pozitsiya ham tikilgan, ushbu uchrashuv g‘olibi turni peshqadam sifatida yakunlaydi. Durang esa «Arsenal» 1-o‘ringa chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Klublar futboliga bo‘lgan ikki haftalik sog‘inch mana shunday katta o‘yin bilan boshlanishi ajoyib. Shuningdek, o‘yinni nafaqat ikki buyuk murabbiy, ikki buyuk goleador o‘rtasidagi duel sifatida ham baholash mumkin. Erling Holand qatorasiga ikkinchi mavsum to‘purarlar bahsida yetakchilik qilmoqda, Saloh esa, joriy mavsumda APLda eng ko‘p xavfli vaziyat yaratgan futbolchi bo‘lib turibdi. Muhimi, Holandga jamoadoshlari yana qulay vaziyatlar yaratib berishi, Salohning sheriklari esa, uni quvvatlab, yaratilgan vaziyatlardan unumli foydalanishi kerak bo‘ladi. Ayniqsa, Nunez.

Tarkiblar borasida noaniqliklar ko‘p, agar so‘nggi turlarni eslasak, hatto Holandda ham kichik jarohat bo‘lib, milliy jamoalar o‘yinlarida ishtirok etmadi. Ammo so‘nggi xabarlarga ko‘ra, norvegiyalik futbolchi o‘yinga tayyor bo‘lishi kerak. Kevin de Bryuyne, Kovachich kabi futbolchilar safga qaytishiga biroz vaqt bor, Ake, Nunesh va Stounz esa maydonga tushishi so‘roq ostida. Mehmonlar safida Roberson, Jons, Gomes, Bayjyetich, Alkantara kabi futbolchilar sheriklariga yordam bera olmaydi. Tabiiyki, o‘yin milliy jamoalar yig‘inlaridan so‘ng o‘tayotgani bois, bir qator syurprizlar bo‘lishi ham mumkin, ya’ni bazaga kim qanday sport formasida qaytganini to‘liq bilmaymiz.

O‘tgan mavsumdagi birinchi davra uchrashuvi «Enfild»da mezbonlarning 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan tugagan. Bahordagi uchrashuvda esa «Siti» kutilmaganda ancha osonlik bilan uch ochko egasiga aylangandi – 4:1. Liga kubogi yoki Chempionlar Ligasi kabi musobaqalarda «Liverpul» «Etihad»da g‘alaba qozonishning uddasidan chiqqan bo‘lsa-da, aynan APL doirasida safardagi oxirgi g‘alaba sakkiz yil oldin, 21 noyabrda (4:1) sodir bo‘lgandi. Esingizda bo‘lsa, bu Yurgen Kloppning «Liverpul» bosh murabbiyi sifatida «Siti»ga qarshi ilk o‘yini edi.