07:54 / 04.01.2021
40432

Toshkentda YPX va PPX xodimlariga qarshilik ko‘rsatgan fuqarolar bo‘yicha rasmiy ma'lumot berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida bir necha fuqaro IIB xodimlariga qarshilik ko‘rsatgani aks etgan videolavha tarqaldi. IIV YHXBB holat bo‘yicha rasmiy ma'lumot berdi.

Qayd etilishicha, 2020 yilning 31 dekabr kunidan 2021 yilning 1 yanvar kuniga o‘tar kechasi, soat 04:00larda, Toshkent shahar Chilonzor tumani, Muqimiy ko‘chasida “Matiz” rusumli avtomobil haydovchisi YPX xodimining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan harakatlangan. 

Chilonzor tumani, Qatortol ko‘chasida haydovchi boshqaruvni yo‘qotgan va avtomobil beton to‘siq ustiga chiqib to‘xtagan.  Avtomashinada bo‘lgan 4 nafar fuqaro hodisa joyiga yetib kelgan IIBB YPX va PPX xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, o‘tkir tig‘li jismlar bilan qarshilik ko‘rsatgan. 

Fuqarolardan bir nafari ushlanib tuman IIBga olib kelingan. Qolgan 3 nafar fuqaro hodisa joyidan yashiringan.

Hozirda barcha fuqarolar shaxsiga aniqlik kiritilib, hodisa yuzasidan Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi tartibida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top