20:26 / 07.01.2021
20951
Prezidentdan boshlab barcha mansabdorlar deklaratsiya to‘ldirishi taklif qilindi - Aksilkorrupsiya agentligi

Agentlik ishlab chiqqan qonun loyihasida mol-mulki va daromadlarini deklaratsiya qiladigan mansabdor shaxslarning barcha toifalari qamrab olingan. Prezident va bosh vazir ham shular jumlasidan.

O‘zbekistonda davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadlarini deklaratsiyalashga oid qonun loyihasi ishlab chiqildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi loyihani kelishish uchun tegishli organlarga kiritgan.

Bu haqda agentlik mas'ullari ishtirokida 7 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Idora mas'ul xodimi O‘tkirbek Namozboyevning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasida barcha darajadagi mansabdor shaxslar daromadlarini deklaratsiya qilish ko‘zda tutilgan.

«Mansabdor shaxslarning barcha doirasi qamrab olingan. Hujjat qabul qilish vakolati bo‘lgan barcha mansabdor shaxslar – quyidan tortib yuqorigacha bo‘lgan mansabdor shaxslar doirasi qamrab olingan. Ya'ni prezident, bosh vazir... Umuman, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, respublika tashkilotlari, hokimiyatlar, sud, prokuratura – ularning barchasi biz tayyorlagan qonun loyihasida [mol-mulki va daromadlarini deklaratsiya qilishi] nazarda tutilgan», – dedi u.

O‘tkirbek Namozboyev

Aksilkorrupsiya agentligi direktorining o‘rinbosari Umida To‘xtashevaning aytishicha, deklaratsiyalash tartibi qanday bo‘lishi haqida gapirishga hali erta. Qonun loyihasi 2021 yilning o‘rtalarida yoki yil oxirida qabul qilinishi ehtimoldan xoli emas.

Umida To‘xtasheva

Avvalroq agentlik direktori Akmal Burxonov amaldorlar 2021 yildan daromad va mulklari haqida majburiy deklaratsiya to‘ldirishini aytgandi.

Burxonovning fikricha, davlat xizmatchilari deklaratsiya to‘ldirilmaganlik yoki unga noto‘g‘ri ma'lumot kiritilganlik uchun qonunchilikka intizomiy, ma'muriy va jinoiy javobgarlik kiritilishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yildagi qaror loyihalaridan birida, bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar va hokimlar 2020 yil 1 yanvaridan mulk va daromadlarini deklaratsiyalashi mo‘ljal qilingan edi.

Top