23:42 / 12.01.2021
8027
Gruziyaning eng boy odami 1,5 mlrd dollarlik mulklarini xayriya jamg‘armasiga o‘tkazdi

"Gruziya orzusi – Demokratik Gruziya" partiyasi asoschisi va rahbari Bidzina Ivanishvili 1,5 mlrd dollarlik aktivlarini o‘zi tashkil etgan "Kartu" xayriya jamg‘armasiga o‘tkazdi.

Foto: TASS

Uning aniqlik kiritishicha, aktivlarga turistik obektlar, tijoriy ko‘chmas mulk, ofislar hamda Tbilisi va Gruziya regionlaridagi yer uchastkalari kiradi.

Ivanishvilining so‘zlariga ko‘ra, u va turmush o‘rtog‘i o‘zlari uchun 200 mln dollar olib qolishgan. 

"Shuningdek, farzandlarimga biror yangilik yaratish, o‘zlarini to‘liq anglab yetish va rivojlanishda to‘xtab qolmasliklari uchun keraklicha mablag‘ni qoldiraman", - dedi Ivanishvili.

"Kartu" xayriya jamg‘armasi 1995 yilda tashkil etilgan va o‘tgan vaqt davomida turli sohalarda qiymati 3 mlrd dollardan ortiq loyihalarni amalga oshirgan.

Ivanishvili Gruziyaning eng boy odami hisoblanadi, avvalroq Forbes jurnali uning boyligini 5,5 mlrd dollar atrofida deb baholagandi. Ivanishvili boyligiga 1990-yillarda Rossiyada erishgan. U turli davrlarda metallurgiya biznesi, ko‘chmas mulk va moliya sohalaridagi operatsiyalar bilan shug‘ullangan.

Ivanishvili 2011 yilda "Gruziya orzusi – Demokratik Gruziya" partiyasiga asos solgan. Partiya bir yildan so‘ng parlament saylovlarida muxolif koalitsiya tarkibida g‘alaba qozongan, Ivanishvili esa Gruziya hukumati rahbari bo‘lgan.

Top