21:09 / 13.01.2021
10909
Qo‘qonda 14ta maktab direktori ishdan olindi. Bu ma'lumot jamoatchilikka e'lon qilinmagan

9 yanvar kuni Qo‘qon shahridagi 14ta umumta'lim maktablari direktori o‘z faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun ishdan olingan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, ularning 9 nafari o‘z arizasiga ko‘ra lavozimidan bo‘shatilgan bo‘lsa, qolgan 5 nafari Xalq deputatlari Qo‘qon shahar kengashi qarori bilan lavozimidan ozod etilgan. Biroq ushbu ma'lumot jamoatchilikdan yashirilmoqda.

Kun.uz muxbiri Qo‘qondagi aynan qaysi maktablarning direktorlari ishdan olinganiga aniqlik kiritish maqsadida Qo‘qon shahar xalq ta'limi bo‘limida bo‘ldi.

Lekin sayt muxbiri mudir Dilfuza Qosimovani o‘z ish joyida uchrata olmagan. U telefon muloqoti vaqtida gaplasha olmasligi, keyinroq qo‘ng‘iroq qilishini aytib, go‘shakni o‘chirgan.

Keyingi kuni ham mudirni ish joyidan topib bo‘lmagan. U bu safar telefon qo‘ng‘iroqlarini javobsiz qoldirgan.

Farg‘ona viloyati Xalq ta'limi boshqarmasi axborot xizmati rahbari Odiljon Jalolov esa bu muammoni boshqarma boshlig‘iga yetkazishini ma'lum qilgan. Shundan so‘ng boshqarma matbuot kotibi telefon orqali bog‘lanib, vaziyatdan boshqarma boshlig‘i Feruza Sohibovani xabardor qilgani, boshliq Qo‘qon shahar Xalq ta'limi bo‘limi rahbari Dilfuzaxon Qosimovaga qo‘ng‘iroq qilib Kun.uz muxbiri so‘ragan barcha ma'lumotlarni taqdim etishi bo‘yicha topshiriq berganini bildirgan.

Biroq shundan keyin ham Dilfuza Qosimova bilan aloqaga chiqishning yoki u bilan ko‘rishishning iloji bo‘lmagan.

Nihoyat Farg‘ona viloyati Xalq ta'limi boshqarmasi matbuot kotibi Odiljon Jalolov Qo‘qon shahar Xalq ta'limi bo‘limi mudirining o‘rinbosaridan tegishli ma'lumotlarni olib, sayt muxbiriga taqdim etgan.

Unga ko‘ra, Xalq ta'limi vazirining 2020 yil 11 dekabrdagi 111-sonli buyrug‘iga muvofiq, Qo‘qon shahar xalq ta'limi bo‘limi va uning tasarrufidagi maktablarda vazirning huquq-nazorat xizmati xodimlari tomonidan o‘quv jarayonini tashkil etilishi, o‘quvchilar davomati, hujjatlar bilan ishlash va ijro intizomi hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati o‘rganilgan.

O‘rganishlar yakuni bo‘yicha, ish faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan quyidagi maktab direktorlari — 3-maktab (Z.Soliyeva), 9-maktab (F.Yo‘ldosheva), 10-maktab (X.Inog‘omova), 12-maktab (X.Janonova), 19-maktab (R.Ro‘ziyev), 20-maktab (O.Nizomiddinov), 27-maktab (Sh.Mahmudova), 28-maktab (Yu.Madaminova), 41-maktab (L.Qodirova) direktorlari bilan o‘z hohishlariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 97-moddasi 1-bandiga asosan mehnat shartnomalari bekor qilingan.

Ularning barchasi Qo‘qon shahar XTB tomonidan taklif etilgan ish o‘rinlariga qabul qilingan.

Qolgan 5ta umumta'lim maktablari direktorlari esa o‘z xohishiga ko‘ra ariza yozishdan bosh tortib, vaqtinchalik davolanish ta'tiliga chiqib ketgan. Shu munosabat bilan Qo‘qon shahar Xalq ta'limi bo‘limi tasarrufidagi 2-maktab direktori A.Qodirov, 8-maktab direktori M.Muhiddinova, 17-maktab direktori U.Azimov, 21-maktab direktori D.Qosimova, 31-maktab direktori J.Usmonov Xalq deputatlari Qo‘qon shahar Kengashi qarori hamda ish beruvchi tashabbusi bilan lavozimidan ozod etilgan.

Kun.uz muxbiri Qo‘qon shahar hokimligining tashkiliy nazorat guruhi bilan bog‘lanib, ushbu ma'lumotlarni qanchalik haqqoniyligi bilan qiziqqan. Bo‘lim mutaxassisi ushbu ma'lumotlarni tasdiqlagan.

«Shahardagi maktablar direktorlarining ish faoliyati tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqilmoqda. Kuni kecha bo‘lib o‘tgan shahar sessiyasida 5 nafar maktab direktori mahalliy kengash deputatlarining roziligi bilan ishdan olindi.

9 nafar direktor o‘z xohishi bilan ariza yozib, Qo‘qon shahar Xalq ta'limi bo‘limiga topshirgan, qolgan 5 nafari esa faoliyatidagi jiddiy va doimiy kamchiliklarga bee'tibor bo‘lib, berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarmagan, qolaversa, bir necha marta ogohlantirishlarga qaramay, ishdan bo‘shash to‘g‘risida arizasini yozmasdan qochib yurgan. Ular sessiya qarori bilan ishdan olindi», — dedi hokimlik mutaxassisi.

  • Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning noyabrida vazir Sherzod Shermatov boshchiligidagi yig‘ilishda Qashqadaryo viloyatida birorta bitiruvchisi OTMga kirmagan 20ta maktab direktori ishdan olingandi. Dekabrda esa Navoiy viloyatida ta'lim sifati past bo‘lgan 26ta maktab direktorlari ishdan olingani xabar qilingandi.
  • Ma'lumot uchun, 2019-2020 o‘quv yilida Qo‘qon shahrida 2945 nafar (1490 nafari o‘g‘il, 1455 nafari qiz) o‘quvchilar 11-sinfni bitirgan. Bitiruvchilardan 281 nafari (9,5 foiz) oliy ta'lim muassasalariga talabalikka qabul qilingan. Shundan 164 nafari DTM test sinovi va kasbiy (ijodiy) imtihon asosida, 74 nafari O‘zbekistondagi xalqaro oliy ta'lim muassasalariga, 43 nafari xorijiy oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan. Qo‘qon shahri ushbu ko‘rsatkich bilan viloyatdagi shahar va tumanlar ichida 17-o‘rinda qayd etilgan.

Fayzullo Sultonov, Kun.uz muxbiri

Top