11:12 / 17.01.2021
5573
“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi boshchiligida “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish”ga doir yig‘ilish o‘tkazildi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi “Ishchi guruh”ning Qashqadaryoga tashrifi doirasida Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida bir qator yo‘nalishlarda muhokama o‘tkazildi.

Qashqadaryo viloyati, G‘uzor tumanida “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining tozalangan metan asosida suyultirilgan sintetik yoqilg‘i ishlab chiqarish” (GTL), uning tashqi infratuzilma obektlarining qurilishi hamda “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish” investitsion loyihalari doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta'minlash yuzasidan sayyor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Mazkur sayyor yig‘ilish “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi boshchiligida o‘tkazilib, unda rais o‘rinbosarlari, tegishli departament, bo‘lim va boshqa tashkilot rahbarlari qatnashdi.

Yig‘ilishda GTL loyihasi, uning tashqi infratuzilma obektlarining qurilishi hamda “Sho‘rtan gaz kimyo kompleksining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish” investitsion loyihalari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari muhokama qilindi.

GTL loyihasi 2021 yilning iyul oyida ishga topshirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, hozirda zavod qurilishi jadal sur'atda amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlarning umumiy hajmi 94%ni tashkil etib, texnologik zonada qurilish-montaj ishlari 85%ga yetkazildi. Umumiy 1045 dona uskunadan 1010 tasi olib kelingan bo‘lib, shundan 814 donasi texnologik zonada o‘rnatilgan.

Ayni damda zavod qurilish maydonchasida 10 mingga yaqin ishchi va 600 dan ortiq maxsus texnika safarbar etilgan bo‘lib, bosqichma-bosqich ishga tushirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Koronavirus pandemiyasi davrida vujudga kelgan qiyinchiliklarga qaramay, karantin qoidalariga qat'iy rioya qilgan holda ishga tushirish ishlarini amalga oshirish uchun chet ellik mutaxassislarni olib kelish choralari ko‘rilmoqda.

Hozirga qadar, zavodning tashqi elektr ta'minoti obektlari ishga tushirildi va zavod tizimdan elektr energiyani qabul qilishni boshladi. Zavodning markaziy boshqaruv pulti, nazorat o‘lchov va avtomatika tizimining 2-sonli boshqaruv binosi, nazorat o‘lchov va avtomatika uskunalari uchun siqilgan havo ishlab chiqarish qurilmalari ishga tushirildi.

Temir yo‘l, qo‘riqchilik xizmati shaharchasi, “GTL“ zavodining ma'muriy binosi, zavod perimetri bo‘ylab to‘siq devor tortish va avtomobil yo‘l qurilishi ishlarini amalga oshirish davom etmoqda. Mazkur ishlarni joriy yilning 2-choragida yakunlash ko‘zda tutilgan.

O‘tkazilgan yig‘ilish davomida “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish” investitsion loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar ham atroflicha muhokama qilindi.

Mazkur loyiha doirasida “GTL“ zavodida ishlab chiqariladigan 430 ming tonna naftani qayta ishlash natijasida, yuqori daromadli bo‘lgan yiliga 280 ming tonnagacha polietilen va 100 ming tonnagacha polipropilen ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Hozirda batafsil loyihalashtirish, material va uskunalarga buyurtma berish ishlari amalga oshirilmoqda.

Loyihani moliyalashtirish maqsadida “Gazprombank”dan 300 mln dollar miqdorida kredit mablag‘lari jalb qilingan. Bundan tashqari, Xitoy davlat taraqqiyot banki va boshqa xorijiy banklarning kredit mablag‘larini jalb qilish ishlari davom etmoqda.

Bu ikki loyihani amalga oshirish asnosida Qashqadaryo viloyatida gaz-kimyo klasteri yaratiladi. Yig‘ilish davomida tashkilot rahbarlariga loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish, barcha obektlarni o‘z vaqtida ishga tushirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Mavjud muammoli masalalarni tezkor hal qilish maqsadida, Muvofiqlashtiruvchi guruh hamda boshqaruv raisining o‘rinbosarlari boshchiligida ishlab chiqarish va texnologiya, moliya-iqtisod, qurilish va tayyor mahsulot realizatsiyasi masalalari bo‘yicha ishchi guruhlar tuzilib, bajariladigan chora-tadbirlar belgilab olindi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

Top