17:12 / 18.01.2021
10503
Davlat dasturida soliq sohasi bo‘yicha 7ta taklif ilgari surildi

2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi prezident farmoni loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yildi.

Davlat dasturida soliq islohotlarini amaliyotga samarali joriy etish, soliq ma'muriyatchiligini shaffof yo‘lga qo‘yish, soliq yukini kamaytirish va soddalashtirish, shu asosda ishlab chiqarishni va soliqqa tortiladigan bazani kengaytirish maqsadida 7ta taklif ilgari surilgan.

1.  Soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirish.

Joriy yil davomida Davlat soliq qo‘mitasi hamda Moliya vazirligi tomonidan elektron hisobvaraq-fakturalarning to‘liq joriy etilishini ta'minlash, shuningdek, raqamli markirovkani joriy etish kutilmoqda. Shuningdek, tovar-moddiy zaxiralarni va tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berish uchun elektron shartnomalar (ishonchnomalar) almashinuvini joriy etish nazarda tutiladi.

2.  DSQ axborot tizimlari kompleksining xalqaro standartlar asosida yagona platformasini ishlab chiqish.

2021 yilning noyabr oyiga qadar, tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan majburiyatlarni bajarishni yengillashtirish va soliq ma'muriyatchiligini soddalashtirish taklif etilmoqda. Tegishli vakolatli vazirliklar tomonidan soliq ma'muriyatchiligini avtomatlashtirishda foydalaniladigan axborot tizimlari kompleksining yagona platformasini yaratish vazifasi bajaralishi kerak. Shuningdek, ma'lumotlarni vizualizatsiya qilish tizimlarini joriy etish hamda axborot tizimlarini standartlashtirish nazarda tutiladi.

3.  Soliq auditining har bir qadamini avtomat tarzda qayd etib boradigan va uning ijrosini nazorat qiladigan tizimlarni (Case Management System) (Case Assesment System) yaratish.

2021 yil noyabrga qadar, soliq to‘lovchilarni segmentlash, xavflilik darajasidan kelib chiqib, inson omilini to‘liq bartaraf etgan holda, soliq nazoratini amalga oshirish imkoniyatini yaratish taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, jamoatchilik nazorati ostida nazorat tadbirlarini amalga oshirish va tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatiga noqonuniy aralashish, korrupsiya holatlarining oldini olish hamda soliq ma'muriyatchiligi shaffofligini ta'minlash belgilanmoqda.

Shu yili soliq auditi, kameral va sayyor soliq tekshiruvlarini “Tahlika-tahlil” dasturiy mahsuli natijasi bo‘yicha tavakkalchilik toifasidan kelib chiqqan holda hamda jismoniy va yuridik shaxslarning qonunbuzilish holatlari to‘g‘risidagi murojaatlari asosida qat'iy ravishda “tekshiruv.soliq.uz” portali orqali amalga oshirish nazarda tutiladi.

4.  O‘zbekiston Respublikasida sotiladigan tovarlarning yagona elektron tasniflagich tizimini ishlab chiqish va onlayn nazorat-kassa mashinalari, elektron hisobvaraq-fakturalari, markirovkalash tizimlariga integratsiyalash.

Bunda mahsulotlarni noqonuniy olib kirish, ishlab chiqarish va sotish holatlarining oldi olish; alohida turdagi mahsulotlarning qonuniy aylanmasini ta'minlash mexanizmini tubdan takomillashtirish; ishlab chiqarish hajmini, omborlardagi qoldiqlarni va mahsulot real vaqt rejimida jo‘natilishini nazorat qilish mexanizmlarini joriy etish; elektron hisobvaraq-fakturalarning to‘liq joriy etilishini ta'minlash, raqamli markirovkalashni joriy etish; tovar-moddiy zaxiralarni va tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berish uchun majburiy ravishda elektron shartnomalar (ishonchnomalar) almashinuvini joriy etish; tovarlar va xizmatlar turlari bo‘yicha yagona tasniflash tizimini joriy etish nazarda tutiladi.

5.  Yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliqni hisoblash ma'murchiligini takomillashtirish.

Shu yili Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligida markshreyderlik xizmatini tashkil etish nazarda tutilmoqda. Qolaversa, soliq nazorati tadbirlari davomida qazilmalar hajmini yashirish (kamaytirib ko‘rsatish) aniqlangan taqdirda, yashirilgan (kamaytirib ko‘rsatilgan) noruda foydali qazilmalar uchun belgilangan amaldagi soliq stavkasining ikki baravari miqdorini qo‘llash amaliyoti joriy etilishi mumkin.

Bundan tashqari, noruda foydali qazilmalarni qazib oluvchidan iste'molchigacha bo‘lgan jarayonni monitoring qilib boruvchi dasturiy mahsulni (tizimni) yaratish; qurilish korxonalari va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi sub'yektlar tomonidan foydalanilgan noruda qazilmalar hajmi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni soliq organlariga taqdim etish joriy qilinadi.

6.  Teng raqobat sharoitini yaratish va qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari huquqlarini kafolatlash bo‘yicha soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirish.

DSQ va Moliya vazirligi tomonidan loyihada haqiqatan qo‘shilgan qiymat solig‘i summalarini to‘lagan ishonchli soliq to‘lovchilarga tezlashtirilgan tartibda soliq summasini qaytarish nazarda tutiladi.

7.  Soliq xizmatlarini ko‘rsatishni yangi bosqichga chiqarish va xalqaro standartlarga moslashtirish, soliq organlarini “xizmat ko‘rsatuvchi” yuqori texnologiyali tashkilotga transformatsiya qilishni davom ettirish.

Loyihada tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik hamda jismoniy shaxslar to‘g‘risida yagona markazlashtirilgan axborot manbayini shakllantirish hamda markaziy ma'lumotlar bazasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish va davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan idoralararo elektron hamkorlik qilish uchun zarur bo‘lgan ma'lumotlar manbayi bo‘lgan davlat axborot resursini jamlash nazarda tutiladi.

Soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishning yagona standartlarini ishlab chiqish va ko‘rsatiladigan xizmat turlarini kengaytirish va soliq organlari va soliq to‘lovchilar o‘rtasidagi biznes jarayonlarini takomillashtirish kutilmoqda.

Shuningdek, soliqqa oid huquqbuzarlikka chora ko‘rishni bosqichma-bosqich avtomatlashtirish orqali soddalashtirish; “soliq yuki kalkulyatori” va “Biznes-navigator” interaktiv xizmat turini yaratish; “Soliq” mobil ilovasida o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun umumrespublika banklararo protsessing markazi (Uzcard) bilan hamkorlikda qo‘shimcha imkoniyat va xizmatlar yaratish vazifalari belgilangan.

Bundan tashqari, ishonchli soliq to‘lovchilarni himoya qilish maqsadida “shubhali” soliq to‘lovchilar ro‘yxati shakllantirilgan holda, unga kiritilgan sub'yektlar ro‘yxati doimiy yangilab borish nazarda tutiladi.

Ma'lumot uchun, prezident farmon loyihasini 10 kun mobaynida jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazishdan maqsad – joriy yilgi Davlat dasturini fuqarolar, xalqaro ekspertlar, tegishli vazirlik va idora mutaxassislari, biznes doira hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarining fikr-mulohazalari va takliflarini inobatga olgan holda yanada takomillashtirishdan iborat.

Top