17:16 / 21.01.2021
7088
«Bo‘lajak shifokor uchun amaliyot ham muhim» – vazir o‘rinbosari talabalar majburan amaliyotga yuborilayotgani haqidagi xabar yuzasidan izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda tibbiyot ta'lim muassasalari bitiruvchi kurslari birlamchi tibbiyot muassasalariga amaliyotga yuborilayotgani hamda ular tibbiy xatlov jarayonlarida qatnashib, aholining antropometrik o‘lchovlarini olish ishlariga jalb etilayotgani haqida turli mazmundagi ma'lumotlar berilmoqda. SSV matbuot xizmati ushbu chiqishlarga oydinlik kiritish maqsadida vazir birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov bilan suhbat uyushtirdi.

— Tibbiyot ta'lim muassasalari bitiruvchilari ayni paytda amaliyot o‘tayotgan ekan. Bu jarayon qanday me'yoriy hujjat asosida o‘tkazilyapti? 

— Albatta, har bir talaba o‘quv jarayonida amaliyot o‘tashi zarur. Ayniqsa, tibbiyot sohasida talaba faqat nazariyani o‘rganib, hech qachon yetuk shifokor bo‘la olmaydi. Tibbiyot ta'limi azaldan amaliyot bilan birga olib borilgan. Butun dunyoda o‘quv jarayonida amaliyotga alohida e'tibor qaratiladi. Ayni paytda bu masala kun tartibiga chiqqani ham aniq sabablarga, huquqiy asosga ega.

Prezidentimizning 2019 yil 6 may sanasida e'lon qilingan «Tibbiyot va farmatsevtika ta'limi va ilm fani tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asoslanib, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan o‘quv rejada ishlab chiqarish va o‘quv amaliyotlari vaqti, muddati, qayerda, qanday olib borilishi belgilangan.

Ilgari bitiruvchi kurslarning ishlab chiqarish amaliyoti faqat yozgi ta'til mavsumida amalga oshirilar edi. Ularning amaliyotga qatnashayotganini nazorat qilish ta'lim muassasasiga qiyinchilik tug‘dirgani ham bor gap. Yashirmaymiz, bu ko‘pchilik talabalar amaliyotdan uzoqlashishiga, o‘zlarining kelajakdagi potensial ish joylari bo‘lgan oilaviy poliklinikalarga bormasliklariga ham sabab bo‘lardi. Yuqoridagi me'yoriy hujjat va tasdiqlangan o‘quv reja asosida amaliyot ikki qismga bo‘linib, yoz va qish mavsumlarida amalga oshiriladigan bo‘ldi. 

Shu bois, ayni paytda faqat bitiruvchi kurs talabalarigina o‘zlarining birlamchi tibbiyot muassasalaridagi vrach yordamchisi sifatidagi amaliyotini o‘tash uchun yuborilgan. Ta'kidlash kerakki, ular shu yili institutni bitirib aynan tibbiyotni birlamchi bo‘g‘inida - shifokorlik punktlari va oilaviy poliklinikada ishlash xuquqini oladilar. Qayd etish kerak, kasallikka chalinganlar, homiladorlar va boshqa qator sabablarga ko‘ra talaba amaliyotga jalb qilinmasligi mumkin. Bu borada ta'lim muassasalari rahbariyati o‘rganib, xulosa chiqaradi.
 
Bu jarayonda hududlarda malakali mutaxassislarni ko‘paytirish hamda amaliyot o‘taydigan talabalarga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida o‘z ixtiyorlariga ko‘ra bitiruvchilarni o‘zlari tug‘ilib-o‘sgan manzildagi tibbiyot muassasalariga biriktirish tavsiya etilgan. Bu bilan o‘qishni tamomlagach, o‘z hududida ishlamoqchi bo‘lgan talabalar davlat tibbiyot tashkilotlari bilan oldindan ishga joylashish yuzasidan dastlabki shartnomalarni tuzish, o‘zining funksional vazifalarining ko‘lam va hajmini to‘liq tasavvur qila olish, tibbiyot muassasasining mavjud moddiy-texnik bazasi bilan tanishish, u yerdagi aholining tibbiy holati haqida oldindan yetarlicha ma'lumotga ega bo‘lishiga erishiladi. 

— O‘quv muassasasi bitiruvchi kurs talabalarining tibbiy xatlov jarayonida aholining antropometrik o‘lchovlarini olib borayotgani rostmi?

— Aslo unday emas. Ular aholining antropometrik o‘lchovlarini olayotgani yo‘q. Bu ishni hamshiralar ham qilishi mumkin. Tibbiy xatlov birlamchi tibbiyot muassasalari xodimlari, xususan, oilaviy shifokorlar va u yerdagi hamshiralar tomonidan amalga oshirilmoqda. Bu tadbirga jalb qilingan bitiruvchi kurs talabalari, klinik ordinatorlar, «Oilaviy shifokor» sifatida har bir fuqaroning ham salomatligi, ham kasallanish ko‘rsatkichlarini o‘rganadilar, ularni kerakli ko‘rik va tekshiruvlardan o‘tkazadilar. Bu faoliyat ularning o‘qituvchi-domlalari ishtirokida va nazoratida olib borilishi lozim hamda o‘quv jarayonining muhim qismi bo‘lib hisoblanadi. Shu tufayli birlamchi tibbiyot muassasalariga vrach yordamchisi sifatida amaliyot o‘tashga borgan bitiruvchilar ham faol qatnashishi tabiiy hol.

Ma'lumot o‘rnida aytish mumkinki, hududlarda amaliyot o‘tayotgan talabalar shu yilning 25 yanvar kuni odatiy o‘quv jarayonlariga qaytishadi.
 

Top