18:11 / 21.01.2021
2767
Mojaroli bitimlar, ajrashish va o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylar – 2020 yil fuqarolik sudlarida 291 mingta ish ko‘rib chiqildi

2020 yil mobaynida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 291 182 ta ish ko‘rib chiqilgan va 194,7 mlrd. so‘mdan ziyod majburiy to‘lovlarni undirish haqida 96 584 ta sud buyrug‘i chiqarilgan.

Oliy sud Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik boshqarmasining ma'lum qilishicha, ko‘rib chiqilgan 194 598 ta da'vo tartibidagi fuqarolik ishlarining:

  • 140 386 tasi bo‘yicha talablar qanoatlantirilgan;
  • 24 054 tasi bo‘yicha talablarni qanoatlantirish rad qilingan;
  • 22 836 tasi bo‘yicha da'volar ko‘rmasdan qoldirilgan bo‘lsa;
  • 7 322 tasi bo‘yicha ishni yuritish tugatilgan.

Da'vo tartibida ko‘rib tamomlangan fuqarolik ishlaridan:

  • 52 898 tasi bitimlarga;
  • 39 466 tasi nikohdan ajratishga;
  • 20 244 tasi o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joy yoki qurilmani buzishga;
  • 2 349 tasi otalikni belgilashga oid va boshqa toifadagi ishlarni tashkil qiladi.

Nikohdan ajratishga oid ko‘rilgan ishlarning:

  • 20 139 tasida nikohlar bekor qilingan;
  • 14 481 tasida nikohlarni bekor qilish rad qilingan;
  • 2 842 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan;
  • 2 004 ta da'vo bo‘yicha ishni yuritish tugatilgan.

Shuningdek, 61 871 ta fuqarolik ishi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilib, aholi bilan 2 933 ta uchrashuv va ochiq muloqotlar o‘tkazilgan.

Bundan tashqari, Oliy sud Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati tomonidan nazorat tartibida 550 ta ish ko‘rib chiqilib, birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 279 ta qaror bekor qilindi va 48 ta sud qarorlari o‘zgartirildi.

Avvalroq, 2020 yil O‘zbekistonda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 38 149 nafar shaxsga nisbatan 30 284 ta ish ko‘rib chiqilganini xabar bergan edik.

Top