22:32 / 21.01.2021
20354
Samarqandda gaz balloni portlashi hodisasi ochiqlandi. U yerda 20 ta emas, 43 dona gaz ballon bo‘lgan

18 yanvar kuni kechki payt Samarqand tumani Rajabamin mahallasida qurilishi bitmagan xonadonlardan birida kuchli yong‘in kelib chiqadi. Dastlab hodisa yuz bergan joyda 20 ta gaz to‘ldirilgan ballon borligi aytilgan edi. Ma'lum bo‘lishicha u yerda gaz to‘ldirilgan ballonlar soni 43 dona bo‘lgan. Samarqand viloyati prokuraturasi hech kim jabrlanmagan mazkur hodisaning kelib chiqish sabablarini ochiqladi

Bundan bir necha kun avval, Samarqand tumani Rajabamin mahallasidagi qurilishi bitmagan xonadonlardan birida yong‘in sodir bo‘lgani va u yerda bo‘lgan 20 ta gaz to‘ldirilgan ballon portlab ketgani haqida xabar bergan edik. Samarqand viloyati prokuraturasi mazkur hodisaning tafsilotlari va kelib chiqish sabablarini ochiqladi.

Qayd etilishicha, 2021 yil 18 yanvar kuni soat 20:08 da Samarqand tumani Rajabamin mahallasida joylashgan fuqaro O.N.ning 3 oy oldin ko‘chib kirgan yashash uyida yong‘in sodir bo‘lgan. Oqibatda uyning 50 m² maydoni, darvozaxonada turgan, 2021 yilda ishlab chiqilgan va davlat raqami olinmagan «Damas» mashinasi zarar ko‘rgan. Yerto‘lada mavjud bo‘lgan 20 dona maishiy gaz balloni portlab yorilib ketgan va yaroqsiz holga tushgan.

Voqea joyi tuman FVB tomonidan ko‘zdan kechirilganda dastlab yaroqsiz holga kelgan 20 ta gaz ballon aniqlangan. Yong‘in o‘chirilgandan so‘ng, voqea joyi tuman IIB tergov bo‘linmasi tomonidan batafsil ko‘zdan kechirilganda mazkur uyda yaroqsiz holga kelgan 20 ta gaz ballonlardan tashqari yana 23 dona gaz ballon borligi ma'lum bo‘lgan. Bundan tashqari, xonadon egasi O.N. uyining orqa tomonida yer ostidan o‘tgan tabiiy gaz tarmog‘iga noqonuniy ulangani va gaz tortish uskunasi (nasos) o‘rnatgani aniqlangan.

Mazkur xonadonga 43 dona gaz ballonlari qayerdan kelib qolgani haqidagi savollarga fuqaro O.N. xususiy korxonalardan biri bilan tuzilgan kelishuvga asosan o‘zining avtomashinasida korxonaga tegishli gaz ballonlarga maishiy gaz to‘ldirib, yetkazish bilan shug‘ullanishini ma'lum qilgan. U o‘z ko‘rsatmasida voqea sodir bo‘lgan kuni yashash uyida elektr simga lampochka patronini o‘rnatayotgan vaqtda chaqnash sodir bo‘lib yong‘in kelib chiqqanligini, shundan so‘ng uyda bo‘lgan gaz ballonlardan bir nechtasi portlab ketganligini bayon qilgan.

Qayd etilishicha, olingan ashyoviy dalillar bo‘yicha Xadicha Sulaymonova nomidagi ekspertiza markaziga sudga oid yong‘in ekspertizasi tayinlangan. Yong‘in va uning natijasida kelib chiqqan gaz ballon portlashi oqibatida jarohatlanganlar mavjud emas.

Holat yuzasidan Samarqand tuman IIB TB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Tergovga qadar tekshiruv harakatlari tuman prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

P.S. Kun.uz muxbiri hodisaning ertasi kuni Samarqand tuman FVB mas'ulidan izoh olganida, u yong‘in yuz bergan xonadonda hech kim yashamasligini aytgan edi. Bugun esa u yerda xonadon egasi 3 oy avval ko‘chib kirgani aytilyapti. Ballonlar soni ham oshgan. Qolaversa, qandaydir xususiy korxonaning oddiygina yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilmaydigan shaxsga ballonlarga gaz to‘ldirib yetkazishni ishonib topshirishi ham qaltis tavakkal bo‘lgan. 

Top