12:52 / 22.01.2021
3405
Banklarda karta PIN-kodini mijozning o‘zi terishiga imkoniyat berish talabi qo‘yildi

Banklarda to‘lov amalga oshirish yoki bank kartasidagi pulni naqdlashtirish jarayonida karta PIN-kodini mijozning o‘zi terishiga imkoniyat berish talabi qo‘yildi.

Foto: Shutterstock

Bank xizmatlari iste'molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, deya xabar bermoqda Markaziy bank.

Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, fuqarolarning banklarga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash va ularning omonati kafolatlangani to‘g‘risida xabardor qilish, shuningdek, omonatchilarning bankka joylashtirgan omonatlari yuzasidan xotirjamligini ta'minlash maqsadida bank xodimi o‘z xizmat vazifasini bajarishi davomida nojo‘ya xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ygan holda omonatchiga zarar yetkazsa, bunday holatda bank omonatchi oldida o‘z xodimining harakatlari uchun javobgarligi hamda fuqarolarning bankdagi omonatlari “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq kafolatlangan bo‘lsa, bank omonati (depoziti) shartnomasida bu haqda ma'lumot aks ettirilishi belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, banklarga iste'molchilarning bankka qo‘ygan omonat (depozit) mablag‘lari hamda omonat bo‘yicha kirim-chiqim amaliyotlariga doir ma'lumotlarni bankka bormasdan internet-banking tizimi yoki mobil ilova orqali bilib olish imkoniyatini ta'minlab berish majburiyati yuklandi.

Bugungi kunda fuqarolarning bank kartalariga qo‘yilgan PIN-kodi turli yo‘llar bilan boshqa shaxslar tomonidan aniqlanib, undagi mablag‘larni karta egalari roziligisiz va xabarisiz ishlatib yuborish holatlari ko‘p uchrayotgani inobatga olinib, nizomga bank filiali yoki uning tarkibiy tuzilmasida terminal orqali to‘lovlarni amalga oshirish yoki bank kartasidagi pul mablag‘ini naqdlashtirish bo‘yicha xizmat ko‘rsatganda bank kartasini taqdim etuvchiga (bank karta egasi yoki kartasidan foydalanish vakolati berilgan shaxs) ushbu karta PIN-kodini mustaqil terishga imkon yaratib berish talabi kiritildi.

Bundan tashqari, bank faoliyatiga oid jahon tajribasidan kelib chiqib, banklarda mijozlarga xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish orqali mijozlar bilan muloqotga kirishish, ehtiyojlarini aniqlash, mahsulot/xizmatni taqdim etish, taklif shakllantirish, e'tirozlar bilan ishlash va muloqotni yakunlash jarayonida bank xodimlari xulq-atvori va kasbiy odob-axloq qoidalarini nazarda tutuvchi mijozlarga xizmat ko‘rsatish standartlari joriy etilishi shartligi belgilandi.

Top