15:12 / 25.01.2021
8611
Prezident topshirig‘i: Maktablardagi yoshlar yetakchilarining stavkalari kamaytirilmaydi

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov o‘zining rasmiy sahifalarida maktablardagi Yoshlar yetakchilariga oid yangilikni e'lon qildi. Unda Maktablardagi yoshlar yetakchilarining stavkalari kamaytirilmasligi aytiladi.

“Xushxabar: Prezidentimiz maktablardagi yoshlar yetakchilari stavkasini kamaytirmaslik bo‘yicha topshiriq berdilar!

Maktablardagi ko‘pchilik yoshlar yetakchilarimizdan joylarda 0,25 stavkasi qisqarishi mumkin ekan, degan xavotirli murojaatlar tushayotgan edi.

Prezidentimiz tomonidan o‘tgan haftada ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda yangi kiritilayotgan ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimlariga Yoshlar yetakchilaridan 0,25 stavka qisqartirish hisobiga emas, balki qo‘shimcha mablag‘ ajratish bo‘yicha aniq topshiriq bo‘ldi.

Shuning uchun xavotirga o‘rin yo‘q! Yoshlar yetakchilari endi e'tiborlarini bunday xavotirlarga emas, balki joylarda o‘z faoliyati samaradorligini oshirishga qaratishlari zarur!

Xabaringiz bor, kuni kecha davlatimiz rahbarining Buxoro viloyatiga tashriflari davomida IT-parkda yoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Prezidentimiz Peshku tumanida internet orqali yaxshi daromad olayotgan Shahrillo faoliyati bilan tanishib, juda xursand bo‘ldilar. Esingizda bo‘lsa, u pandemiya davrida boshqa yoshlarimiz uchun onlayn darslar tayyorlashda ham ishtirok etgan edi.

Shu o‘rinda, yoshlar yetakchilari har bir maktabning yuqori sinf o‘quvchilari hamda bitiruvchilari orasidan internet orqali o‘z mehnati bilan oilasiga daromad keltirayotgan Shahrillo kabi yoshlar faoliyatini ko‘proq targ‘ib qilib borsa, bu ularning tengdoshlari uchun ham havas, ham o‘rnak bo‘lar edi”, – deyiladi xabarda.

Top