16:13 / 10.10.2023
12540

 Ta’limdagi tengsizlik: O‘zbekistonda kutilayotgan ta’lim davomiyligi necha yil?

Shahar va qishloqda o‘qiyotgan bog‘cha, maktab bolasining imkoniyatlari teng emas. Joylashgan hududiga qarab ularning ta’lim davomiyligida farqlar kuzatilgan. Oliy va undan keyingi ta’lim jarayonida esa bu tendensiya jinslararo tafovutlar bilan davom etadi. Yoshi oshgan sari erkaklarning ilm olishga bo‘lgan imkoniyatlari kamayishi aniqlangan. 

Foto: Shutterstock

Kutilayotgan ta’lim davomiyligi bu – maktab yoshiga yetgan bolaning maktabda o‘rta, undan keyin esa oliy va oliy ta’limdan keyingi bosqichlarda o‘qishi kutilayotgan yillarning yig‘indisi hisoblanadi. Uni hisoblash uchun har bir ta’lim bosqichida o‘qiyotganlar soni shu ta’lim bosqichiga to‘g‘ri keladigan yoshdagi jami aholi sonidagi ulushlarining yig‘indisi sifatida hisoblanadi. Boshqacha aytganda, ta’limning har bir bosqichidagi qamrovlar yig‘indisining yillardagi ko‘rinishi.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti O‘zbekistondagi ta’lim imkoniyatlarini hududlar va jinslar kesimida tahlil qildi.

Bog‘cha

Dunyoda kutilayotgan ta’lim davomiyligi boshlang‘ich ta’lim yoshidagilardan boshlab hisoblanadi. Bu tahlilda ham maktabgacha ta’limga oid raqamlar ko‘rib chiqilgan. Statistika agentligining 2022 yildagi ma’lumotlariga ko‘ra, respublikada 6 yoshgacha bo‘lgan qiz va o‘g‘il bolalar o‘rtasida ta’lim imkoniyatlari teng bo‘lib, 1-6 yosh bo‘lgan jami bolalar soniga nisbatan hisoblaganda 2 yilni tashkil qiladi.

Oilaviy bog‘chalarning samarali faoliyat olib borishi hisobiga bu borada Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Jizzax viloyatida eng yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan. Unga ko‘ra, davlat maktabgacha ta’lim muassasalaridagi 100 ta o‘ringa Qoraqalpog‘istonda 150 nafar, Jizzaxda 127 nafar bola to‘g‘ri kelishiga qaramay, kutilayotgan maktabgacha ta’lim yillari 2,5 hamda 2,1 yilni tashkil qilgan.

Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi davlat bog‘chalarida esa 100 ta o‘ringa 101 nafar bola to‘g‘ri kelsa-da, maktabgacha ta’lim yillari respublika bo‘yicha eng past, ya’ni 1,2 va 1,5 yildir.

Mamlakatda 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlov tizimi bilan qamrab olish ko‘rsatkichi 70 foizga yetgan. Bu bo‘yicha qiz va o‘g‘il bolalarning qamrovi o‘rtasida farq yo‘q. Solishtirish uchun aytish lozim, 2022 yilga qadar maktabgacha ta’lim tizimida qizlar qamrovi doimiy ravishda o‘g‘il bolalar qamrovidan past bo‘lib kelgan.

Ammo raqamlar shahar va qishloqlar kesimida hisoblansa, o‘rtadagi tafovutni yaqqol sezish mumkin. Shaharlarda 3-6 yoshli bolalarning kutilayotgan ta’lim davomiyligi 2,4 yil bo‘lgan vaqtda, qishloq joylarda 1,7 yilni tashkil qilmoqda. Bu ikki toifadagi hududlarda qiz va o‘g‘il bolalarning maktabgacha ta’lim davomiyligi teng.

6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimiga qamrovda ham shahar va qishloq kesimida farqlar sezilarli. Shahar joylarda 77 foiz, qishloq joylarda 65 foizni tashkil qiladi (qishloq joylarida bu ko‘rsatkich qizlar orasida 1 foiz bilan ko‘proq, 65 foiz). 

Maktab

O‘zbekistonda 11 yillik o‘rta ta’lim majburiyligi belgilangan. Boshlang‘ich ta’lim davomiyligi respublika bo‘yicha 3,8 yilni tashkil qiladi va bu bo‘yicha jinslararo tafovut yo‘q. Ammo shahar va qishloqlar kesimida bu borada ham farqlar yuzaga keladi. Ya’ni shahar joylarida kutilayotgan ta’lim davomiyligi 4,15 yil (o‘g‘il bolalar 4,19 yil, qiz bolalar 4,12 yil), qishloq joylarida esa 3,51 yil (o‘g‘il bolalar 3,47 yil, qiz bolalar 3,55 yil)ni tashkil qilgan.

MHTIga ko‘ra, boshlang‘ich ta’lim 4 yilni tashkil qilgan hamda 11 yillik ta’lim majburiy bo‘lgan holatda bu tendensiyaning kuzatilishi quyidagi sabablar bilan izohlanadi:

-mehnat muhojirlarining farzandlari xorijda ta’lim olishi;

-qishloq joylarda yashovchi aholi o‘z farzandlarini shahardagi maktabga olib borishi;

-2022 yilgacha 7 yoshga to‘lmagan bolalarning ham maktabga qabul qilinishi.

Ta’limning keyingi bosqichi, ya’ni o‘rta ta’lim (5-9 sinflar)da kutilayotgan davomiylik respublika miqyosida 4,86 yilni tashkil etib, o‘g‘il va qiz bolalar orasida deyarli tafovut yo‘q. Shaharlarda 5,51 yil (o‘g‘il bolalar 5,63 yil, qiz bolalar 5,4 yil), qishloqlarda 4,3 yil (o‘g‘il bolalar 4,2 yil, qiz bolalar 4,4 yil).

O‘rta ta’limning so‘nggi bosqichi (10-11-sinflar), akademik litseylar, kasb-hunar maktablari, professional kollej va texnikumlarning barchasi(16-19 yoshlilar)da o‘qiyotganlarning ta’lim yillari jami 2,3 yilni tashkil qiladi (o‘g‘il bolalar 1,9 yil, qiz bolalar 2,6 yil). Ma’muriy markazlarda bu ko‘rsatkich 3,1 yil (o‘g‘il bolalar 2,8 yil, qiz bolalar 3,3 yil), bu markazda uzoqroqlarda joylashgan hududlarda 16-18 yoshdagi tugallangan o‘rta ta’lim davomiyligi 1,5 yil (o‘g‘il bolalar 1,3 yil, qiz bolalar 1,7 yil) ni tashkil qilgan.(Raqamlar akademik litseylar, kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlar haqida ma’lumotlar yetarli bo‘lmagani uchun faqat 10-11 sinflar kesimida to‘plangan).

Tahlillardan kelib chiqib, O‘zbekistonda 19 yoshgacha bo‘lgan davrda qiz bolalarning rasmiy ta’lim olish imkoniyatlari kengroq ekanligi aniqlangan. Institutning ta’kidlashicha, bu professional kollej hamda texnikumlarda o‘qiyotganlar orasida qizlar ulushining kattaligi bilan izohlanadi. Bunga esa o‘g‘il bolalar orasida 9-sinfni bitirgandan keyin mehnat bozoriga o‘tib ketish holatlari sabab qilinmoqda.

Oliy va undan keyingi ta’lim

MHTI o‘rta ta’limdan keyingi bosqichlar bo‘yicha ham bir qancha raqamlarni ma’lum qilgan. Ta’kidlanishicha, oliy va undan keyingi rasmiy ta’lim yillari respublika bo‘yicha 1,63 yilni tashkil qiladi (erkaklar 1,85 yil, ayollar 1,59 yil).

Tahlil natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda ta’lim olish imkoniyatlari jinslar kesimida 17 yoshgacha teng. 18 yoshga kelganda ayollarning ta’lim olish imkoniyatlari ortadi. 19 yoshlilar orasida ayollarning 94 foizi, erkaklarning esa 60 foizi ta’lim oladi. 23-34 yosh oralig‘ida erkaklarning ta’lim olish imkoniyati ayollarnikiga nisbatan 0,02 foiz yuqoriroq. 35 yoshdan yuqori aholi orasida yana ayollarning rasmiy ta’lim olish imkoniyati oshadi. Shu bilan birga, informal ta’limda erkaklar (31,2 foiz)ning ayollar (25,2 foiz)ga nisbatan ko‘proq ishtirok etishi, erkaklarda oilani boquvchi mas’uliyatining ustun turishi va aynan oila daromadini oshirish uchun ta’lim olishga ko‘proq e’tibor qaratishi bilan izohlanadi.

Hududlar kesimida ta’limning eng uzoq kutilayotgan davomiyligini Toshkent shahridan tashqari, Navoiy viloyatida (15,1 yil) kuzatish mumkin. U Toshkent shahridagi oliy o‘quv yurtlari hisobiga respublika bo‘yicha o‘rtacha 14,6 yilni tashkil etadi. Ma’lumot uchun: Toshkent shahrida oliy ta’lim muassasalarining konsentratsiyasi balandligi hisobiga kutilayotgan ta’lim davomiyligi 21,7 yilni tashkil qiladi.

Qashqadaryo (12,6 yil) va Surxondaryo (12,8 yil) viloyatlari ta’limning kutilayotgan umumiy davomiyligi eng past hududlardir. Qolgan hududlar 13,4 yildan 14,3 yilgacha oraliqlarda taqsimlangan. Erkak va ayollar o‘rtasidagi eng yuqori tafovut Toshkent shahri (2,6 yil), Xorazm (0,8 yil) hamda Navoiy (0,7 yil) viloyatlarida kuzatiladi. Qolgan hududlarda 0,1 yildan 0,3 yilgacha tafovut mavjud.

Kattalar ta’limi, ya’ni oliy ta’limdan keyin (odatda 25 yoshdan oshiq) rasmiy va norasmiy ta’lim olish asosida o‘zining professional darajasini oshirishi hisoblanadi. Bu ko‘rsatkich respublika bo‘yicha 0,1 yilni tashkil etgan.

Ta’lim davomiyligini oshirish uchun nima qilish kerak?

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutiga ko‘ra, boshlang‘ich ta’limda o‘qish savodxonligi bo‘yicha tengsizlik nisbatan yuqori. Ya’ni eng yaxshi va eng yomon natijaga erishgan o‘quvchilar orasidagi tafovut nisbatan baland (O‘zbekiston PIRLS tadqiqotida 48 ta mamlakat ichidan 33-o‘rinni egallagan). Boshlang‘ich ta’limdagi imkoniyatlarning teng emasligi keyingi bosqichlardagi ta’limda ham tengsizlikning sababi bo‘lishi mumkin.      

Buni bartaraf etish uchun:

-qishloq joylarda oilaviy bog‘chalarni tashkil qilish, buning uchun muhandislik kommunikatsiya infratuzilmalarini yaxshilash;

-qishloq joylardagi umumta’lim maktablari uchun pedagoglarni maqsadli tayyorlash (qishloq yoshlari orasidan salohiyatli yoshlarni tanlash va 3 tomonlama shartnoma asosida o‘qitish);

-umumta’lim maktablarini kompyuterlar bilan ta’minlash va internet tarmog‘iga ulash;

-umumta’lim maktablarida (ayniqsa, qishloq joylardagi) informatika fanidan qo‘shimcha to‘garaklar sonini oshirish va bepulligini ta’minlash. To‘garaklarning o‘quv dasturini tuzishda o‘quvchilarning mustaqil ravishda ta’lim platformalaridan foydalana olish ko‘nikmalarini egallashiga alohida e’tibor berish;

-o‘z turmush farovonligi (shu jumladan ta’limi) uchun har bir fuqaro o‘z javobgarligini anglagan holda mehnat bozori uchun zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lish, buning uchun doimiy ravishda o‘z professional darajasini oshirib borishga qiziqishni oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘rish.

Top