23:20 / 26.01.2021
5165
Sherzod Shermatov: «Turar joy massivlari loyihalarida demografik o‘sishni hisobga olib maktab qurish esdan chiqyapti»

26 yanvar kuni Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining majlisi o‘tkazildi.

Unda Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov qurilayotgan turar joy massivlari loyihalarida aholi ko‘chib kelishi va o‘sishini inobatga olib ularning farzandlari uchun umumta'lim maktablarini qurish esdan chiqayotganini ta'kidladi hamda bu bo‘yicha Senatga o‘z taklifi bilan chiqdi», deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Hududlarda qurilayotgan turar joy massivlari loyihalarida aholi ko‘chib kelishi va o‘sishini inobatga olib ularning farzandlari uchun umumta'lim maktablarini qurish esdan chiqyapti. Natijada ushbu massivlardagi xonadonlarga ko‘chib kelgan oilalar farzandlarining ta'lim olishini tashkil qilishda katta muammolar yuzaga kelyapti.

Qurilayotgan uy-joy massivlarining bosh rejasida aholining demografik o‘sishi prognozidan kelib chiqib, ijtimoiy majburiyat sifatida umumta'lim muassasalari (har bir xonadonga yangi 1,5 o‘quvchi o‘rnini hisobga olish) qurilishini inobatga olish va bu borada Xalq ta'limi vazirligi bilan kelishish tizimini joriy qilish zarur.

Masalan, Toshkent shahrining tasdiqlangan bosh rejasi asosida Mirzo Ulug‘bek tumanida harbiy xizmatchilar hamda aholi uchun yangi ko‘p qavatli uy-joylar qurilyapti. Bu uy-joy massiviga tadbirkor tomonidan 990 o‘rinli umumta'lim maktabini (loyiha bahosi 35,1 mlrd so‘mni tashkil etadi) qurish ishlari boshlangan», – dedi vazir.

Sherzod Shermatovning Senat qo‘mitasi a'zolariga bergan navbatdagi taklifi maktablarga direktor tayinlashning shaffof tizimini yaratish jarayonlari haqida bo‘lgan.

«Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari bilan hamkorlikda direktorlikka nomzodlarni 3 yillik rivojlantirish dasturlari asosida shaffof tanlovlarni tashkil etmoqchimiz. Bu borada ham Senat bilan hamkorligimiz juda muhim», — degan u.

Top