20:14 / 28.01.2021
3419
«O‘zbekneftgaz»: Yangi maydonlarda izlov-qidiruv va ekspluatatsion quduqlarni burg‘ilash ishlari olib borilmoqda

2021 yilda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va uglevodorod zaxiralarini o‘stirish maqsadida «O‘zbekneftgaz» AJning «Uglevodorod xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash» Dasturi ishlab chiqildi.

Ushbu Dasturga asosan, joriy yilda tabiiy gaz zaxiralarini 35,0 mlrd kub metrga va suyuq uglevodorod zaxiralarini 900 ming tonnaga o‘stirish belgilab qo‘yildi.

Dasturda belgilangan vazifalarni bajarish uchun 19 ta yangi istiqbolli maydonlarda chuqur burg‘ilash ishlarini boshlash, 170 000 metr hajmdagi izlov-qidiruv quduqlarini burg‘ilash va 50 ta izlov-qidiruv quduqlarini qurilish bilan tugatish rejalashtirilgan.

Geologiya-qidiruv ishlariga e'tiborni yanada kuchaytirish hamda dasturni to‘liq bajarish maqsadida 2021 yil «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyatida «Geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish yili» deb e'lon qilindi.

Dastur bo‘yicha quduqlarda burg‘ilash ishlari boshlab yuborildi. Bugungi kunda 4 ta yangi maydonda («Razzoqbobo», «Ijobat», «Avval» (Bo‘r) va «Chorbog‘») chuqur burg‘ilash ishlari boshlandi.

Bundan tashqari, 3 ta quduqda sinov ishlari, 17 ta quduqda burg‘ilash ishlari va 10 ta quduq o‘rnida burg‘ilash dastgohlarining montaj va tashish ishlari olib borilmoqda.

2021 yilda belgilangan uglevodorod xomashyo qazib chiqarish hajmini bajarish va ko‘paytirish maqsadida jamiyatning o‘z mablag‘lari hisobidan ekspluatatsiya quduqlari qurish ishlari boshlab yuborildi.

Ushbu yo‘nalishda joriy yilda 56 ta ekspluatatsiya quduqlarni burg‘ilash va qurilish bilan tugatish ko‘zda tutilgan, hozirgi kunda 17 ta quduqda burg‘ilash ishlari, 2 ta quduqda sinov ishlari va 7 ta quduq o‘rnida burg‘ilash dastgohlarini montaj qilish ishlari olib borilmoqda.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati

Top