17:23 / 29.01.2021
35060
O‘zbekistondagi 7ta yog‘-moy ishlab chiqarish zavodi sotuvga qo‘yildi
Foto: Getty Images

«Toshkent» respublika fond birjasi savdolariga davlat ulushiga ega 7ta yog‘-moy ishlab chiqaruvchi zavod aksiyalari sotuvga chiqarildi. Ushbu savdolar birjaning davlat ulushini yirik investorga sotish uchun mo‘ljallangan Nego Board bo‘limida o‘tkaziladi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, sotuvga quyidagi zavodlarning aksiya paketlari qo‘yilgan:

  • «Farg‘ona yog‘-moy» AJ ustav kapitalidagi 84,4 foiz ulushi – 3 million 95 ming 500 dona oddiy hamda 1,5 ming dona imtiyozli aksiyalar (aksiya paketining umumiy qiymati – 62 milliard 199 million 546 ming so‘m)
  • «Qo‘qon yog‘-moy» AJ ustav kapitalidagi 51 foiz ulushi – 710 ming 170ta oddiy aksiya (aksiya paketining umumiy qiymati – 32 milliard 716 million 40 ming so‘m)
  • «Asaka yog‘-moy» AJ ustav kapitalidagi 51,1 foiz ulushi – 2 million 206 ming 170 dona oddiy aksiya (aksiya paketining umumiy qiymati – 15 milliard 446 million 388 ming so‘m)
  • «Andijon yog‘-moy» AJ ustav kapitalidagi 58,4 foiz ulushi – 243 ming 163 dona oddiy aksiya (aksiya paketining umumiy qiymati – 25 milliard 920 million 616 ming so‘m)
  • «Yog‘gar» AJ ustav kapitalidagi 89,2 foiz ulushi – 2 million 900 ming 640 dona oddiy aksiya (aksiya paketining umumiy qiymati – 29 milliard 581 million 886 ming so‘m)
  • «Turon Xo‘jayli» AJ ustav kapitalidagi 40 foiz ulushi – 312 ming 160 dona oddiy aksiya (aksiya paketining umumiy qiymati – 15 milliard 563 million 985 ming so‘m)
  • «Urganch yog‘-moy» AJ ustav kapitalidagi 60,3 foiz ulushi – 18 million 645 ming 786 dona oddiy aksiya (aksiya paketining umumiy qiymati – 115 milliard 779 million 143 ming so‘m)

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi davlat ulushi mavjud barcha yog‘-moy kombinat va zavodlar sotuvga chiqarilishini ta'kidlagandi.

2020 yil mart oyida ro‘yxatda yuqoridagi ko‘rsatilgan yog‘-moy korxonalari sotuvga chiqarildi. Shulardan «Yog‘gar» aksiyadorlik jamiyatining narxi ayni paytda avvalgi taklifdan ko‘ra, 20 foizga kamaytirilgan. Shuningdek, «Urganch yog‘-moy» AJ bo‘yicha taklif etilgan narx 40 foizga tushirilgan.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi «Toshkent yog‘-moy» kombinati AJ ustav fondidagi davlat ulushi ham sotilishi haqida xabar bergandi. Ushbu korxona bir qancha brendlar, xususan, «Moya mechta» brendi ostidagi mahsulotlar ishlab chiqaradi.

Top