14:02 / 01.02.2021
16112
O‘zbekistonda eng ko‘p mahallaga ega viloyat ma'lum bo‘ldi
Foto: intentionallyinternational.com

Respublika bo‘yicha eng ko‘p mahalla fuqarolar yig‘ini Samarqand viloyatida joylashgan. Hozirda ushbu viloyatda 1 100ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud. Bu haqda bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi matbuot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva xabar berdi.

Qayd etilishicha, respublikada eng ko‘p mahallaga ega hudud sifatida Samarqand viloyati yetakchilik qiladi. Bu viloyatda hozirgi vaqtda 1 100ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud. Toshkent viloyati 1 048ta, Farg‘ona viloyati 1 041ta mahalla bilan keyingi o‘rinlarni band qilgan.

Geografik joylashuvga ko‘ra, respublikadagi 1 830ta mahalla fuqarolar yig‘ini shaharlarda, 1 205tasi tuman markazlarida joylashgan. Tuman markazigacha 30 km bo‘lgan masofada joylashgan mahallalar soni 4 839tani, tuman markazidan 30 km va undan olis masofada, tog‘li va cho‘l hududlarda joylashgan fuqarolar yig‘inlari soni 720tani tashkil etadi. 

2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, respublikada jami 9 168ta fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lib, shundan 8 877tasi — mahalla fuqarolar yig‘ini, 161tasi — ovul fuqarolar yig‘ini, 89tasi — qishloq fuqarolar yig‘ini, 41tasi — shahar fuqarolar yig‘ini hisoblanadi. 

Top