16:57 / 03.02.2021
5924
Samarqandda portlovchi modda savdosida qo‘lga tushgan shaxs IIB xodimiga 2 ming dollar pora bermoqchi bo‘ldi

Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida yashovchi shaxs portlovchi moddalarni sotayotganda IIB tomonidan qo‘lga olinadi. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilayotganda u «ishni yopib yuborish uchun» IIB xodimiga 2 000 AQSh dollarini pora tariqasida taklif etgan.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, 2 fevral kuni Qo‘shrabot tumani «Boytup» MFYda yashovchi fuqaro A.B. tezkor tadbirga jalb qilingan «X» ismli shaxsga 6 dona «NGMK SAYaNIT-P 36 mm» nomli portlovchi moddalarni 1 million so‘mga sotayotgan vaqtida IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borish jarayonida, ushbu fuqaro unga nisbatan to‘plangan hujjatlarni ijobiy hal qilib berib, jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik hamda uni jinoiy javobgarlikka tortmaslik evaziga IIB xodimiga 2 000 AQSh dollarini pora tariqasida taklif qilgan.

IIB xodimi fuqaroga bir necha marotaba pora berish jinoyat ekanligini tushuntirishiga qaramay, A.B. keyinroq pulni olib kelishini aytgan. IIB xodimi esa holat yuzasidan boshqarma boshlig‘ining nomiga bildirgi bilan murojaat qilgan.

Bugun, 3 fevral kuni viloyat IIB o‘z xavfsizlik bo‘limi xodimlari va Qo‘shrabot tumani prokuraturasi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilib, fuqaro A.B. IIB xodimining xizmat xonasida unga 2 000 dollarni bergan vaqtda ushlangan. Qayd etilishicha, holat yuzasidan A.B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Top