11:31 / 09.02.2021
10336
«Yomon sharoitga moslashish emas, uni o‘zgartirish kerak» - xorijdan qaytgan fizik bilan suhbat

Fizika-matematika fanlari doktori Umid Xalilov Kun.uz'ning «Ilm-fan suhbatlari» rukniga bergan intervyusida Belgiyadagi 12 yillik hayoti va ilmiy izlanishlari, O‘zbekistonga qaytish sabablari va ilmiy loyihalari haqida so‘zlab berdi.

Umid Xalilov / Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda uzoq vaqt ilm-fanga e'tiborsizlik tufayli ko‘plab vatandoshlarimiz o‘z ilmiy karerasini chet elda qurishdi.

Bugun dunyoning nufuzli ilmiy maskanlarida vatandoshlarimiz ko‘pligi quvonarli. Shu bilan birga, ularni O‘zbekistonda ilm-fanni rivojlantirish va zamonaviy ilmiy maktablar tashkil qilish jarayoniga qayta jalb qila olish oson emas.

Yurtga qaytib, bu yerdagi ilm-fan yuksalishiga o‘z hissasini qo‘shayotgan olimlardan biri – fizika-matematika fanlari doktori Umid Xalilovdir. Olim hozirda O‘zFA Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti yetakchi ilmiy xodimi sifatida ishlab kelmoqda.

Umid Xalilov Kun.uz'ning «Ilm-fan suhbatlari» rukniga bergan intervyusida Belgiyadagi 12 yillik hayoti va ilmiy izlanishlari, O‘zbekistonga qaytish sabablari va ilmiy loyihalari haqida hikoya qildi.

— Umid aka, yaqinda fan doktori ilmiy darajasiga dissertatsiya yozmasdan munosib ko‘rildingiz. Ko‘pincha himoyaoldi jarayonlarini boshdan o‘tkazgan olimlar ko‘pgina vaqt va qog‘oz isrof bo‘lishini aytishadi. Sizda bu qanday kechdi?

— O‘zFA Elektronika (hozirgi Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti)da ishlab yurgan kezlarim, ilmiy tadqiqotimni davom ettirish uchun 2009 yilda Belgiyaga ketgandim. U yerdagi Antverpen universitetida 12 yilga yaqin vaqt ilmiy faoliyat bilan mashg‘ul bo‘ldim. Shunday bo‘lsa-da, institut bilan aloqani doim saqlab kelganman, hamkorlikni uzmaganmiz. Bu dargohdagi ustozlardan maslahatlar olib turardik.

2013 yilda Antverpen universitetidagi PhD himoyamdan keyin, albatta, hamma qatori fan doktorligi haqida o‘ylab yurardim. Toshkentga kelganimdan so‘ng shunday bir imkoniyat tug‘ildiki, dissertatsiya yozmasdan himoya qilish mumkin. Sharti – yuqori impakt-faktorli jurnallarda chiqqan maqolalar va ular ko‘rsatkichi 1dan yuqori bo‘lishi lozim. Bu bizga juda ma'qul tushdi, sababi xorijda maqola yozib chiqarish osonmas, bu dissertatsiyaning bir qismiday gap.

Ilmiy g‘oyalarimni maqolalar shaklida ilmiy jamoatchilikka taqdim etib kelardim. Scopus bazasida chiqqan maqolalarim soni 12tadan ko‘p edi. Maqolalarimdagi o‘rtacha impakt-faktor 7,47 chiqdi va ijobiy xulosa berildi.

Shundan keyin maqolalarimdagi tezislarni o‘zbekcha, tushunarli holatga keltirib, ma'ruza qilishga tayyorlandik.

Qog‘oz masalalari rostan ham bor, ko‘pchilik shu qog‘oz ishlari sababli ham doktorlik qilishdan qochadi. Lekin, OAK tomonidan ham ta'kidlab aytildiki, kelajakda bu narsalar bosqichma-bosqich qisqarishi kerak.

— Belgiyada qilgan ilmiy ishlaringiz mazmuni nimalardan iborat? Va O‘zbekiston uchun dolzarbligi nimada?

— Men tadqiq qilayotgan soha nanotexnologiyaga oid bo‘lib, nanomateriallar sintezi, ya'ni nanomateriallar olish bilan shug‘ullanaman. Nano degani, oddiy tushuntirganda, metrni milliard bo‘lakka bo‘lsangiz, shulardan biridan nano kelib chiqadi.

Men qiladigan ish o‘sha o‘lchamdagi strukturalarni o‘stirish hisoblanadi. Bu, albatta, qo‘l bilan yoki biror bir mexanizm bilan bo‘ladigan ish emas. Bunga molekula nuqtayi nazaridan qarash kerak. Biz molekula funksiyalarini o‘rganib, ularni boshqarish asosida struktura qurishga harakat qilamiz.

Buni O‘zbekistonga foydasi haqida gapirishdan avval uning dunyodagi ahamiyati to‘g‘risida to‘xtalib o‘tish kerak. Ma'lumki, kremniy texnologiyasi shu vaqtgacha zamonaviy texnologiya taraqqiyotida muhim o‘rin tutib kelgan. Chunki kompyuter, televizor, uyali telefon va shunga o‘xshash hayotimizga kirishib ketgan qurilmalarning asosi bo‘lgan tranzistorlarning ishlab chiqarilishi bevosita shu texnologiyaga aloqador.

Tranzistorlarni kichraytirish orqali qurilmada ularning sonini oshiramiz va bu qurilmaning yanada kuchayishiga sabab bo‘ladi. Miniatyurizatsiya shu darajada kritik nuqtaga yetdiki, kremniy texnologiyasi tranzistorlarni undan ziyod kichraytirolmay qoldi. Ya'ni tranzistorlarni bundan ziyod kichraytirish ular asosidagi qurilmalar faolligi uchun samarasiz bo‘lib qoldi.

Nima qilish kerak? Juda ko‘p muqobil variantlar ko‘rib chiqildi. Shulardan biri – uglerod nanotexnologiyasi. Men aynan mana shu uglerod nanotexnologiyasi bo‘yicha tadqiqotlar olib boraman. Ya'ni uglerod nanomateriallari miniatyurizatsiyasi bilan shug‘ullanaman. Ular sintezini boshqarish orqali nanoqurilmalar quvvatini oshirishni ko‘zlayapmiz. Bu aslida butun dunyoda ketayotgan texnologik jarayon va men qilayotgan ish bu zanjirning bir halqasi, desam ham bo‘ladi.

Aniqroq aytadigan bo‘lsam, men bu texnologik jarayondagi eksperimentlarga yordamchi, ularga g‘oya beruvchi kompyuterda (jarayonlarni) modellashtirish bilan shug‘ullanaman. Bu soha faqat O‘zbekistonda emas, dunyoda yangi sohalardan bo‘lib, nafaqat nanotexnologiyada, balki iqtisodiyotning boshqa sektorlarida (jumladan, qishloq xo‘jaligi, kurilish, neft-gaz, meditsina va boshqa) ehtimoliy moliyaviy yo‘qotishlarni prognoz qilish va ularning oldini olishda juda muhim o‘rin tutadi.

— Kompyuter modellashtirish ish faoliyatimizga qanchalik yengillik beradi?

— O‘zbekistonda Markaziy Osiyo kompyuter modellashtirish ilmiy markazini ochishni reja qilganmiz. 2017 yildan buyon bu g‘oya ustida guruh bo‘lib ishlab kelyapmiz. Kompyuter modellashtirish nima degani? Chapani qilib tushuntirganda, unda qishloq xo‘jaligi, qurilish sanoati yoxud iqtisodiy jarayonlarmi – barchasi modellashtirish usuli bilan tegishli qonuniyatlar asosida tahlil qilinadi, ehtimoliy xavf va o‘zgarishlar ko‘rib chiqiladi.

Deylik, neft-gaz sohasida qarasak, quvurning qayerida kuchlanish ko‘payadi, quvurlarning chidamliligi, yemirilishi, neftning quvur devorida ishqalanishi, qayerda yorilish xavfi yuqoriligi modellashtirish orqali aniqlanadi.

Yoki Sardoba voqeasini qarasak, agar bizda modellashtirish guruhi bo‘lganda edi, qurishdan avval uni modellashtirgan, qaysi qismi zaif bo‘lib qolishi mumkinligi va boshqa holatlar aniqlangan bo‘lardi.

Modellashtirish birinchi navbatda iqtisodga juda katta ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. Masalan, modellashtirish asosida uy qursangiz qaysi qurilish materialidan qancha ishlatish kerakligi, suv sathi, yer relefining holati, boringki, shamol yo‘nalishlarigacha hisobga olasiz. Yaqinda Jizzaxda qulagan ko‘p qavatli bino modellashtirilsa, bugungi ayanchli hol va iqtisodiy zarar bo‘lmasdi.

Shu bilan birga aytib o‘tish muhimki, modellashtirish oddiy shaxsiy kompyuterda bajariladigan ish emas. Buning uchun superkompyuterlar majmuasi kerak bo‘ladi. Qolaversa, bir-ikki kishi emas, bu ishlar ilmiy guruhlar tomonidan bajariladi.

Tasavvur qiling, bir uy kompyuterlar majmuasi. Men Germaniyaning Yulix shahrida xuddi shunday – butun boshli ko‘p qavatli uydan iborat kompyuterlar majmuasini ko‘rgandim. Bu juda qimmat deb o‘ylashingiz mumkin, aslida, uning narxi iqtisodga keltiradigan foydasi oldida juda arzon hisoblanadi.

— Bu borada O‘zbekistondagi ishlar va ilmiy hamkorlik qay holatda?

— O‘zbekistonda bu jarayonlar juda tarqoq holda, har kim o‘zicha, har bir ilmiy guruh o‘zi qaysidir tomonlarini o‘rganadi. O‘zbekistonga qaytganimdan keyin so‘nggi vaqtlarda bildimki, 2ta ilmiy guruh negadir bir-biri bilan qo‘shilib ishlagisi yo‘q, negaligini tushuna olmadim.

Men yaqinda kattaroq ilmiy loyiha qilib ilmiy guruhlarni jalb qilmoqchi bo‘ldim, lekin oxir-oqibatda loyihani bittagina guruh topshiradigan bo‘ldik. Agar kuchlarni birlashtiradigan bo‘lsak, katta samara beradi, deb hisoblayman. Birlashish degani faqatgina birga o‘tirib ishlash emas, balki bir g‘oya ustida fikrlarini, o‘z yo‘nalishiga doir yechimlarini ulashish deb tushunsa bo‘ladi.

Xorijning yetakchi davlatlarida bir masala qo‘yiladigan bo‘lsa, ilmiy guruhlar imkon darajasida birlashishga va muammoni bo‘lishib olib hal qilishga harakat qilishadi. Taraqqiyot ham birlashishda, aslida.

— 12 yil ichida O‘zbekistonda ilmiy sohada nimalar o‘zgarganini ko‘rdingiz?

— Birinchi navbatda, ilmga ajratilayotgan mablag‘ ko‘paygan. Men aspirantlar yotoqxonasida 8 yil oilam bilan yashab, barcha qiyinchilikni boshdan kechirganman. U vaqtda yotoqxona atrofida ilmiy xodimlarga tegishli birorta ham mashina ko‘rmaganman, xayolimga ham kelmasdi. Bugun esa bemalol ilm qilish mumkin, maosh yuqori.

Ikkinchidan, chet elga chiqish imkoniyati ko‘paydi. Belgiyada bo‘lib turganimda, ko‘plab olimlarimiz 2–3 oylik stajirovkaga borganini ko‘rdim. Innovatsion rivojlanish vazirligi ham g‘oyalarni xorij bilan hamkorlikda qilinglar, deyapti. Bundan foydalanish kerak, xolos.

Masalaning boshqa tomoni ham bor. Bundan o‘n yillar oldin va hozir ham odamlarda yaxshi oylik to‘lashganda edi, zo‘r ishlagan bo‘lardik, degan tushuncha mavjud. O‘zim misolimda aytib beraman, Belgiyaga bordik, oylik hamma narsaga yetadi, oziq-ovqatdan tortib kiyim-kechakkacha bor, ortiqcha o‘ylov yo‘q. Lekin baribir ish unumim past, kam ishlayapman. Nimaga? Chunki o‘zimizni o‘zimiz aldab yurganmiz, dangasaligimizni tan olmaganmiz. Men shuni tushundim. O‘zim uchun xulosalar chiqardim.

To‘g‘ri, O‘zbekistonda yetishmovchilik bor, lekin dangasalik bo‘lar ekan, qancha pul ajratsa ham yetishmayapti, deguvchilar topiladi.

Uzoq vaqt rivojlangan davlatda yurib, keyin O‘zbekistonga kelsangiz, ko‘p kamchiliklarni ko‘rarkansiz, keyin odamlarga aytsangiz, ular o‘rganib qolgani uchun hechqisi yo‘q, sen ham moslashib ketasan, deydi. Aynan eng yomoni moslashib ketish, inson bir sharoitga, agar u yomon bo‘lsa, moslashishi kerak emas. O‘zgartirish o‘zimizning qo‘limizda.

Har kuni-kunora majlisga chaqirishdan yoki menga ish rejangizni, natijangizni bering, deb har haftada so‘rashdan nima ma'ni bor? Undan ko‘ra maqolangizni bering desin, shuning ichida hammasi bor.

Chet elda esa 9dan 5gacha ish, kelish-kelmaslik majburiy emas, ikki haftada bir majlis bo‘ladi, shunda pichoqqa ilinadigan bir narsa aytolmasangiz, tamom, siz bilan shartnomani uzaytirishmaydi. Ya'ni ishning sifati muhim.

Biz shaklga, hujjatbozlikka ko‘p e'tibor beramiz. Bino qurayotganda, uning ichida odamlar bo‘lishi, ilmli bo‘lishi ikkinchi o‘rinda; muhimi bino chiroyli bo‘lsin. Yoki yangi laboratoriya qurilsa, unga chet eldan jihozlar bo‘lishi kerak, lekin ishlatilishi shartmas, tekshirish kelsa, ko‘rsatish uchun tursa bo‘ldi. Keraksiz qimmat apparatdan kerakli arzoni afzal, ko‘p narsalarda oddiy yechim bor. Faqat shunga xohish bo‘lishi kerak.

— Ilm – pul – sarmoya – taraqqiyot. Shu zanjir haqida qanday fikrdasiz?

— Ilm bilan shug‘ullanishni biznes deb tasavvur qilsak, unda g‘oya va yangiliklarimizni qanday sotishni ham bilishimiz kerak. Masalan, ilmiy g‘oyamiz bor deylik, agar u pul olib kelmasa, u g‘oyaligicha qolib ketaveradi.

Olimning g‘oyasini reklama qiladigan eng yaxshi yo‘l bu – maqola. Maqolani jurnallarga berish va berganda yuqori impakt-faktori bor jurnallarga berish unga, albatta, yaxshigina loyiha olib keladi. G‘oya yaxshi bo‘lsa, uning xaridori topib keladi.

Agar jamiyat hayotini yengil qilishga yo‘naltirilgan g‘oyalar bersangiz, ya'ni ishlaydigan g‘oyalarni bersangiz, u albatta pul va sarmoya olib kelishi kerak. Bu esa o‘z navbatida jamiyatning taraqqiyoti uchun xizmat qiladi.

— Monopoliya va ilm. Ilmda ham monopoliya bo‘ladimi?

— Monopoliya doimo taraqqiyotga qarshilik qilgan. Raqobat bor joyda hamma narsa rivojlanadi, monopoliya esa raqobatni o‘ldiradi. Shu jumladan, ilmda ham raqobat kerak. Boshqa ilmiy guruhlarni tan olmaslik, bir olim yosh kadrni menga muammo tug‘diradi, deb yoniga yo‘latmasligi, unga to‘sqinlik qilishi ilmda bo‘lib turgan monopoliyaning ko‘rinishlaridan.

Biror ilmiy guruh yoki olim bir mavzuni faqat o‘zim o‘rganaman desa, ilmni monopoliya qilib oladigan bo‘lsa, o‘sish ham bo‘lmaydi. Yuqorida ham aytdim, nega ikkita guruh birga ishlashni xohlamaydi, men ishlayotgan sohaga u aralashmasin deydi. Bu ham monopoliyaning ko‘rinishi-da.

Agar teng kuchli ikkita raqobatchi bo‘lsa, bu ham rivojlanishga, ham narxlar tushishiga olib keladi. Masalan, nega hozirgacha O‘zbekiston avtomobil ishlab chiqarish kompaniyasi tanqid ostiga olinadi. Narxlar yuqori, raqobat yo‘q. Men Belgiyada Wolkswagen minib yurardim, qaytayotganimda 700 dollarga sotib keldim. Bu yerda-chi, o‘sha pulga mashina ololmaysiz. Raqobatchi unsurlar bo‘lmagani uchun shunday. Ilm ham raqobatga ochiq bo‘lishi kerak.

— Siz uchun ilm va olimlik nima?

— Ilm men uchun Yaratgandan omonat. Ana shu omonatni his qilgan va unga xiyonat qilmaydigan insonni olim deb hisoblayman.

 — Belgiyada o‘tgan 12 yil siz va oilangizga nima berdi?

— Bu o‘tgan davrda juda katta narsa oldim. Birinchidan, dangasa ekanimni angladim. Ikkinchidan, menga ilm qilish uchun sharoit berildi. U yerda xuddi baliq okeanda suzgandek yashadim. Deylik, Yaponiyada konferensiya bo‘lyapti, xabar berilgandan keyin mablag‘ va boshqa sharoitlar to‘g‘rilab berilardi, o‘sha paytda O‘zbekistondan borishni tasavvur qilolmasdim.

Uchinchidan, eng muhimi, o‘zimga bo‘lgan ishonchni topdim, men mana shu ishonchni yo‘qotib qo‘ygandim, mendan olim chiqmaydi, degan fikrga ham borganman.

Endi oilam haqida aytsam, farzandlarim dunyoqarashi keng bo‘lib keldi, ular qishloqning bir chekkasida yashasa ham, Nyu-Yorkda yashasa ham ko‘nikadigan darajaga yetishdi.

Ular yana shuni bilishdiki, ilmi kuchli bo‘lishi uchun Harvardda o‘qishi shartmas, qayerda bo‘lsa ham chin dildan o‘qisa va doimo oldinga intilsa, yaxshi mutaxassis bo‘lishi mumkinligiga ishonishdi. Ko‘proq mening hayotimga ham qarashadi, men Termiz davlat universitetini bitirganman.

Undan tashqari, shunday xulosaga keldimki, xorijda musofirchilikda yurganimiz bizga o‘zligimizni anglashga yordam bergan ekan. Bir qiziq voqeani aytib beraman. Qizim Belgiyaga ketayotganda hali maktabga bormasdi. Qaytganda esa maktabni bitirib bo‘lgandi, unda o‘zbek tili bo‘yicha muammolar bor, biz uyda gaplashganimiz bilan unga yetarli bo‘lmadi.

O‘zbekistonga kelib o‘zbekchani yaxshiroq o‘rganishi uchun kursga qatnayapti, izohli lug‘at kerak bo‘lib qoldi. Kitob do‘konga borsam, O‘zbek tilining izohli lug‘ati kirillchada. U hali kirillcha yozuv tugul o‘zbek tilini yaxshi bilmayapti, bu lug‘atni o‘qish uchun kirillni o‘rganishi kerakmi?! Keyin sotuvchidan so‘radim:

– Bu kitobni mening otam ham, men ham o‘qimaymiz, kimga chiqarilgan bu? — desam, «Yoshlarga», dedi.

– Lotincha grafikada o‘qitilayotganiga qancha bo‘ldi? – deya so‘radim.

– Bizga nima deysiz, biz chiqarmaganmiz-ku, – deydi.

Qizim: «Nahotki, ular hatto maktabda lotin grafikasida o‘qiyotgan farzandlarini o‘ylashmaydi», deb juda hayron bo‘lgandi o‘shanda.

— Qachondir biz ham keng miqyosda ilm ishlab chiqaruvchi millatga aylanamizmi?

— Ajdodlarimiz qanaqa edi-yu, biz qandaymiz. Bir hikoya esga tushadi. Tovuq burgutning tuxumini ochiradi va tovuq bosgan tuxumdan chiqqan burgut tovuqlar bilan qo‘shilib yuraverar ekan, osmonda burgutlar uchganini ko‘rsa, yoniga kelib tovuq aytarkanki, sen ularday bo‘lolmaysan. Demoqchimanki, biz burgutligimizni unutib qo‘ydik.

Ma'lum muddat mustamlaka bo‘lganimiz, qolaversa, shu paytda dinimizni va o‘zligimizni yo‘qotib qo‘yganimiz ham sabab bo‘lgan. Agar xalqimiz o‘nglansa, yana o‘z ixtirochiligini qilib ketadi.

Afsuski, bizda kitob o‘qish masalasi orqada qoldi. Yaqinda Xitoyga borganimda ham kuzatdimki, odamlari kitob, gazeta o‘qiydimi yoki boshqa narsa, lekin vaqtini bekorchilikka sarflamaydi. Nafaqat Xitoyda, hamma rivojlangan davlatlarda shunga guvoh bo‘lganman.

— Kelajak rejalaringiz.

— Hozir yangi bir loyihamiz bor, shunga yoshlarni jalb etyapmiz. Materialshunoslikda modellashtirish bo‘yicha iqtidorli bakalavr va magistrlarni hamkorlikka chaqiraman. Ular magistr himoyasidan so‘ng PhD darajasi olish bo‘yicha ilmiy izlanishlarini davom ettirishlari mumkin, shuningdek, ular orasidan tanlab olingan PhD talabalari bilan kyelajakda Yevropa davlatlari bilan hamkorlikda double-PhD tayyorlash rejalashtirilyapti.

Ishtirokchilar quyidagi tayanch bilimlarga ega bo‘lishi muhim: matematika, fizika, kimyo, dasturlash tili va ingliz tili. Qiziquvchilar @CMS_practice orqali har kuni 17:30 da tashkil etilayotgan zoom-darslarda qatnashib, ko‘proq ma'lumot olishi mumkin.

Innovatsion rivojlanish vazirligiga 5 yillik katta loyiha berdik, ekspertlar tomonidan tasdiqlandi. Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti va Belgiya qirolligining Antverpen universiteti hamkorligida olib boriladi. Bu kompyuter modellashtirishni yurtimizda ham keng yoyish imkonini beradi.

Yigitali Mahmudov suhbatlashdi

Top